Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi

eʼlon qilindi
Trampga istisnolar berish vakolati ham berildi
Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi
Foto: Oq uy

AQSh prezidenti Donald Tramp 18-sentabr kuni Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish imkonini beruvchi H.R. 5334 – «Lindsey O. Graham Sanctioning Russia and Iran Act of 2026» qonunini imzoladi. Oq uy hujjat Rossiyaga qarshi sanksiyalar, tariflar va boshqa cheklovlarni kengaytirishini tasdiqladi.

Yangi qonun Rossiya neft va gazining yirik xaridorlariga bosimni kuchaytirish imkonini beradi. Jumladan, ma’lum shartlarga javob beradigan davlatlardan AQShga import qilinadigan tovarlarga 100% gacha boj joriy etish vakolati prezidentga beriladi. Bu choralar avtomatik ravishda kuchga kirmaydi – ularni qo‘llash yoki qo‘llamaslik ma’muriyat qaroriga bog‘liq.

Xitoy va Hindiston ta’sir doirasiga tushishi mumkin

Rossiya energiya resurslarining yirik xaridorlari qatorida Xitoy va Hindiston borligi sababli, yangi vakolatlar amalda ushbu mamlakatlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha ular uchun 100% boj joriy etilgani yo‘q. Qonun Tramp ma’muriyatiga bunday choralarni qo‘llash huquqini beradi.

Qonunda Rossiya bilan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan shaxs hamda tuzilmalarga, shuningdek, Rossiya amaldorlari va moliya institutlariga nisbatan ham qo‘shimcha cheklovlar nazarda tutilgan. Oq uy ma’muriyati qonun Kongressda ko‘rib chiqilayotgan paytda bu choralar Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirayotgan tomonlar uchun xarajatlarni oshirishini bildirgan edi.

Trampga istisnolar berish vakolati ham berildi

Hujjat prezidentga ayrim sanksiyalardan istisno berish bo‘yicha keng vakolat beradi. Shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi tuzilsa, prezidentga ayrim cheklovlarni bekor qilish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Qonun Rossiyadan tashqari Eronga ham tegishli. U Eron neft-gaz sektoriga sarmoya kiritayotgan yoki uning rivojlanishiga ko‘maklashayotgan kompaniya va shaxslarga qarshi mavjud sanksiya vakolatlarini yana besh yilga uzaytiradi.

Avvalroq «Kursiv» Tramp Kanada sabab Yevropa Ittifoqiga yangi bojlar bilan tahdid qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek