Husiylar Ar-Riyod va Yanbudagi obyektlarga zarba berganini ma’lum qildi

Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi «muhim obyektlar» hamda Yanbu shahridagi Saudi Aramco neft infratuzilmasiga raketa va dronlar yordamida zarba berganini ma’lum qildi. Saudiya tomoni esa Ar-Riyod tomon uchirilgan ballistik raketa urib tushirilganini bildirdi.
Husiylarning bayonoti Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan yoqilg‘i omborida yong‘in sodir bo‘lganidan bir necha soat o‘tib e’lon qilindi. Avvalroq poytaxt aholisi hududda portlash ovozlarini eshitgani haqida xabar bergan.
Husiylar raketa va dronlardan foydalanganini aytdi
Husiylar harbiy vakili Yahyo Sariyning aytishicha, guruh ikki harbiy operatsiyani amalga oshirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlarda ko‘plab ballistik va qanotli raketalar hamda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilgan.
Birinchi operatsiya Ar-Riyoddagi obyektlarga, ikkinchisi esa Yanbudagi Saudi Aramco infratuzilmasiga qaratilgani aytilmoqda. Husiylar hujumlarni Saudiya Arabistonining Yaman poytaxti Sanoga bergan so‘nggi zarbalariga javob deb izohladi.
Ar-Riyodda havo hujumi haqida ogohlantirish berildi
Saudiya Arabistoni hukumati tun davomida Ar-Riyodda «dushman havo tahdidi» mavjudligi haqida ogohlantirish tarqatdi va aholiga uyda qolishni tavsiya etdi.
AFP jurnalistlari ikki portlash ovozini eshitganini ma’lum qilgan. Taxminan yarim soatdan keyin fuqaro mudofaasi xizmati ogohlantirishni bekor qilgan. Reuters esa aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li yaqinidan katta qora tutun ko‘tarilayotgani aks etgan video va suratlarni tarqatgan.
Saudiya rasmiylari mamlakat havo mudofaasi husiylar tomonidan uchirilgan raketa va dronlarning bir qismini tutib qolganini ham bildirdi.
Aeroport faoliyatida jiddiy uzilishlar kuzatildi
Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, Qirol Xolid xalqaro aeroportida «jiddiy muammolar» kuzatilgan va aeroport xizmat uzilishlari bo‘yicha eng yuqori darajaga kiritilgan.
Avvalroq «Kursiv» husiylar Saudiya Arabistoniga yana hujum qilgani haqida yozgan edi.