Mirziyoyevning tashriflari, Sindarovning muvaffaqiyati — hafta davomida e’lon qilingan yangiliklar

Mirziyoyevning tashriflari, Sindarovning muvaffaqiyati — hafta davomida e’lon qilingan yangiliklar
Sud ishlariga aralashganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi

O‘zbekistonda sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik choralari aniqlashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sud ishlarini hal etishga aralashish deganda muayyan ishning har tomonlama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoxud boshqa qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudya yoki xalq maslahatchisiga turli shakllarda noqonuniy ta’sir o‘tkazish tushuniladi.
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» Osiyo turnirlarida qancha pul ishlab oladi

O‘zbekistonning «Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/27-yilgi Osiyo klublar musobaqalarida ishtirok etadi. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida, «Nasaf» esa OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida qatnashadi. Klublar ishtirok, g‘alaba va keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun alohida mukofot pullarini qo‘lga kiritadi.
Chevrolet bir avtomobiliga 35 mln so‘mgacha chegirma e’lon qildi

Chevrolet AQSh bozorida 2026-yilgi Colorado pikapi uchun sentabr oyiga maxsus moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Xaridorlar ayrim versiyalarda $3 minggacha (35 mln so‘m) chegirma olishi, shuningdek, avtomobilni imtiyozli kredit yoki lizing asosida xarid qilishi mumkin.
O‘zbekistonning shaxmat Olimpiadasi uchun asosiy tarkibi ochiqlandi

Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining Open yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan asosiy terma jamoa tarkibi ma’lum bo‘ldi. Jamoa 2022-yilda Chennayda oltin medalni qo‘lga kiritgan tarkibga deyarli mos keladi. Bu haqda mamlakat Shaxmat federatsiyasi xabar berdi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun qabul boshlandi

15-sentabrdan O‘zbekistonda oliy ta’limdan keyingi ta’limning barcha shakllari bo‘yicha 2027-yilning birinchi choragi uchun hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 15-oktabrgacha qabul qilinadi.
Qabul mustaqil izlanuvchilik, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Javohir Sindarov qatnashadigan shaxmat toji uchun mukofot jamg‘armasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh D bilan 2026-yilgi FIDE jahon chempionligi uchun dona suradi. Uchrashuvning umumiy mukofot jamg‘armasi $2,5 mlnni tashkil etadi.
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, jahon chempionligi uchun bahs 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida o‘tkaziladi.
Harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar narkotik moddalar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolarni giyohvandlik vositalari bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Tibbiy tekshiruv Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamda uning hududiy filiallarida amalga oshiriladi.
Xorazmda bo‘lim boshlig‘i ming dollar pora bilan ushlandi

Xorazm viloyatida Qo‘shko‘pir tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.A. fuqaroning noturar binosini turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilib, $700 va 3,6 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Ronaldu marhum do‘stini haqoratlaganlarni umrbod stadionlardan chetlatishga chaqirdi

«An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Al-Hilol» yarim himoyachisi Ruben Nevesga nisbatan marhum futbolchi Diogo Jota nomi bilan aytilgan haqoratli hayqiriqlar ortidan muxlislarni umrbod stadionlarga kiritmaslikka chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Elektrotexnika loyihalariga kredit foizlari 3 yilgacha kompensatsiya qilinadi

O‘zbekistonda 2026 – 2028-yillarda elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun ajratiladigan kreditlarning foiz xarajatlari qisman qoplab beriladi. Shuningdek, kamida $50 mln investitsiya kiritadigan yirik xalqaro investorlar uchun 10 yilgacha soliq imtiyozlari beriladi.
UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain xususiylashtiriladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalaridagi davlat ulushlarini xususiylashtirish bo‘yicha tenderlarni yaqin vaqt ichida e’lon qiladi. Bu haqda 17-sentabr kuni agentlik direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida ma’lum qildi.
Sindarov Global Chess League’da birinchi doskada eng yaxshi natijani qayd etdi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Tech Mahindra Global Chess League – 2026 turnirida birinchi doskada o‘ynagan shaxmatchilar orasida eng ko‘p o‘yin ochkosini jamg‘ardi. U Magnus Karlsen va Yan Nepomnyashiy kabi kuchli grossmeysterlardan yuqori natija ko‘rsatdi.
Sindarov turnir yakunida rapid bo‘yicha jahon onlayn reytingida ham yuqoriladi. Uning FYERS American Gambits jamoasi esa musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi.
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlarni Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrifdan boshladi. Davlat rahbari rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga mamlakat ozodligi va mustaqilligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Mirziyoyev Koreya Respublikasi bilan «yangi Ipak yo‘li» qurishni taklif qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini XXI asrning «yangi Ipak yo‘li»ga qiyosladi. Uning fikricha, Koreyaning texnologiya va kapitali Markaziy Osiyoning resurslari hamda geografik imkoniyatlari bilan birlashsa, yangi ishlab chiqarish zanjirlari, logistika yo‘laklari va kelajak sanoatlari shakllanishi mumkin. Bu haqda The Chosun Daily ma’lum qildi.
Mirziyoyev 13-sentabr kuni davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga bordi. 14-sentabr kuni uning Prezident Li Chje Myon bilan muzokaralari o‘tkazilishi, 16-sentabrda esa ilk Koreya – Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Abduqodir Husanovning ketmoni «uchmadi»

Angliya Premyer-ligasining navbatdagi turida «Manchester Siti» safarda «Manchester Yunayted»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov uchrashuv qaydnomasidan joy olgan bo‘lsa-da, maydonga tushmadi.
13-sentabr kuni o‘tkazilgan Manchester derbisida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qildi. Uchrashuvning 23-daqiqasida «Siti» futbolchisi Fil Foden maydondan chetlatildi va jamoa o‘yinning katta qismini bir kishi kam bo‘lib davom ettirdi.
Banklarni sanatsiya qilishda baholash tartibi belgilandi

O‘zbekistonda banklarni sanatsiya qilish jarayonida baholash o‘tkazishning yangi tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Tashkilotlarning ushbu ro‘yxatga kirish bo‘yicha murojaatlari ikki oy ichida ko‘rib chiqiladi.
Mirziyoyevning korteji rejadan tashqari to‘xtadi — video
18-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Nukus shahridagi 24/7 ko‘chaga borib, aholi bilan suhbatlashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ko‘chada sayr qilib, nukusliklar bilan muloqot qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda Mirziyoyev jonli ijroda qo‘shiq kuylayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashgani ko‘rinadi.