Abdulvahob Rashidov O‘zbekistonga Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalni olib keldi

21-sentabr 2026 15:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abdulvahob Rashidov O‘zbekistonga Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalni olib keldi
Foto: Instagram/ Rashidov

O‘zbekistonlik karatechi Abdulvahob Rashidov Yaponiyada o‘tayotgan «Aichi-Nagoya – 2026» XX yozgi Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. U erkaklar o‘rtasida -67 kg vazn toifasi finalida mezbonlar vakili Yugo Kozakini mag‘lub etib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga musobaqadagi ilk oltin medalni qo‘shdi.

Final bahsi 21-sentabr kuni Toyohashi shahar bosh gimnastika zalida bo‘lib o‘tdi. Reuters ham hal qiluvchi bahsda aynan Rashidov va yaponiyalik Kozaki o‘zaro to‘qnash kelganini qayd etgan.

Rashidov finalgacha qanday yetib keldi

Abdulvahob Rashidov musobaqani ishonchli boshladi. Dastlab u Gonkong va Falastin vakillarini mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi. Keyingi bosqichda o‘zbekistonlik karatechi iordaniyalik raqibini ham yengib, oltin medal uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Finalda unga yaponiyalik Yugo Kozaki qarshi chiqdi. Kozaki -67 kg vazn toifasidagi dunyoning yetakchi karatechilaridan biri hisoblanadi. Musobaqa arafasidagi xalqaro reytingda u uchinchi, Rashidov esa beshinchi o‘rinda qayd etilgandi.

Shuningdek, 2026-yilgi Karate 1 Premier League musobaqalaridan birida Rashidov aynan shu vazn toifasida birinchi o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston Aichi-Nagoyaga rekord tarkib bilan kelgan

«Aichi-Nagoya – 2026» yozgi Osiyo o‘yinlari 19-sentabrdan 5-oktabrgacha Yaponiyada o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston ushbu musobaqaga o‘z tarixidagi eng katta tarkibni yuborgan – mamlakat sharafini 42 sport turi bo‘yicha 396 nafar atlet himoya qilmoqda.

Karate bo‘yicha erkaklar terma jamoasida Rashidovdan tashqari Humoyunmirzo Halimov (-55 kg) va Mehriddin To‘raxonov (-60 kg) ham qatnashmoqda. Ayollar bahslarida esa Gulshan Alimardonova, Sevinch Rahimova va Bonu Egamberdiyeva O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.

Rashidovning xalqaro tajribasi

Abdulvahob Rashidov avval ham Osiyo miqyosidagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan. U yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, avval -61 kg, keyinchalik -67 kg vazn toifasida qit’a chempioni bo‘lgan.

2025-yilda Qohirada o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa Rashidov -67 kg vaznda bronza medal sohibiga aylangan.

Avvalroq «Kursiv» Abduqodir Husanov stadionda qanday olqishlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek