Milliy statistika qo‘mitasi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi

eʼlon qilindi
Foto: depositphotos

Milliy statistika qo‘mitasi iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va qo‘mita uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida stipendiya tanlovini e’lon qildi.

Tanlovda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.

Kimlar qatnasha oladi

Tanlov statistika, iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari, shuningdek, Data Science & Analytics yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan.

Unda bakalavriatning 4-bosqich talabalari hamda magistratura bosqichida tahsil olayotganlar qatnashishi mumkin.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi

Birinchi bosqichda nomzodlarning hujjatlari qabul qilinib, saralashdan o‘tkaziladi. Keyingi bosqichda statistika, iqtisodiyot, matematika, analitik fikrlash va IQ bo‘yicha testlar o‘tkaziladi.

Yakuniy bosqichda esa nomzodlar tanlov komissiyasi a’zolari bilan suhbatdan o‘tadi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar bilan alohida bog‘lanilib, ikkinchi bosqichga taklif qilinadi.

Hujjatlar 25-sentabrgacha qabul qilinadi

Nomzodlar hujjatlarni faqat PDF formatida 2026-yil 25-sentabr kuni soat 18:00 ga qadar kadr@stat.uz elektron manziliga yuborishi kerak.

Talab etiladigan hujjatlar qatoriga aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilgan CV, akademik reyting ko‘rsatkichlari, xorijiy tilni bilish bo‘yicha hujjatlar kiradi.

Ilmiy-tadqiqot ishlari, erishilgan yutuqlar va ijtimoiy faollikni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, ularni ham taqdim etish mumkin.

G‘oliblarga qancha stipendiya beriladi

Tanlov yakunlariga ko‘ra 10 nafargacha g‘olib aniqlanadi. Ularga 2026/2027-o‘quv yilining oktabridan mayigacha har oy bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda qizlar yigitlarga qaraganda tezroq ish topayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek