Talabalar uchun yangi stipendiya, Sindarov e’tirof etildi — 21-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklar

Talabalar uchun yangi stipendiya, Sindarov e’tirof etildi — 21-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Mahallalar uchun «yashil reyting» joriy etiladi

O‘zbekistonda mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha baholaydigan «yashil reyting» tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga «Yashil makon» umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabiga ikki yangi mutaxassis qo‘shildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi yana ikki mutaxassis bilan to‘ldirildi. Jamoaga italiyalik fizioterapevt Silvano Kotti hamda sport nutritsiologi Andrea Iuliano qo‘shildi.
Milliy statistika qo‘mitasi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi

Milliy statistika qo‘mitasi iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va qo‘mita uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida stipendiya tanlovini e’lon qildi.
Tanlovda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.
Ramzan Qodirov Checheniston rahbari saylovida g‘alaba qozondi

Chechenistonning amaldagi rahbari Ramzan Qodirov hudud rahbari saylovida 99,85 foiz ovoz oldi. Bu haqda Rossiya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga tayanib Interfax xabar berdi. Barcha byulletenlar hisoblab chiqilgan.
O‘zbekiston — Eron o‘yinini rossiyalik hakamlar boshqaradi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvini rossiyalik hakamlar brigadasi boshqaradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
FIFA o‘rtoqlik kunlari doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Eron bilan kuch sinashadi. Uchrashuv 24-sentabr kuni «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Aeroportlar, pulli yo‘llar va logistika markazlari: transport sohasiga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga $9,1 mlrd investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini $5,7 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Davlat rahbariga aeroportlar, pulli avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, xalqaro transport yo‘laklari va logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.
Yaponiyada tayfun sabab 1,9 mln kishi evakuatsiya qilinmoqda

Yaponiyada kuchli «Dujuan» tayfuni sabab olti prefekturada 1,9 mln dan ortiq kishiga evakuatsiya ko‘rsatmasi berildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Yaponiya meteorologiya agentligi ayrim hududlarda rekord darajadagi yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirib, aholini zudlik bilan xavfsiz joylarga ko‘chishga chaqirdi.
Lionel Messi faoliyatidagi 930-golini urdi

«Inter Miami» hujumchisi Lionel Messi faoliyatidagi rasmiy gollari sonini 930 taga yetkazdi. Argentinalik futbolchi MLS doirasida «San Diego»ga qarshi uchrashuvda jarima zarbasidan gol urdi.
Pokistonning Afg‘onistonga havo zarbalari oqibatida qurbonlar qayd etildi

Pokiston Afg‘onistonning Kunar va Paktika viloyatlariga havo zarbalari berdi. Tolibon hukumati kamida uch kishi halok bo‘lgani va yana to‘rt kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Pokiston tomoni esa zarbalarda 28 nafar jangari yo‘q qilinganini bildirmoqda.