«Yugur-yugurni kamaytiramiz!»: Byurokratiyaga qarshi eng yaxshi 50 ta taklif mualliflari mukofotlanadi

Oʻzbekistonda fuqarolar va biznes vakillarining davlat idoralari bilan munosabatlarida yuzaga kelayotgan byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan «Byurokratiyasiz Oʻzbekiston» jamoatchilik tashabbusi yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda 21-sentabr kuni «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi doirasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Loyiha davlat xizmatlarini koʻrsatishda uchrayotgan ortiqcha qogʻozbozlik, uzun navbatlar va sun’iy kechikishlar boʻyicha aholining amaliy takliflarini toʻplashni koʻzda tutadi.
Takliflar qanday qabul qilinadi?

Fuqarolar va tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan takliflarini 21-sentabrdan 20-noyabrgacha murojaat.byurokratiyasiz2030.uz maxsus platformasi orqali yuborishi mumkin. Arizani toʻldirishda quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatish talab etiladi:
- mavjud muammoning mohiyati va u qaysi davlat xizmati yoki idoraga tegishli ekani;
- murakkab yoki ortiqcha jarayon sababli qancha vaqt, mablagʻ va resurs yoʻqotilayotgani;
- muammoni soddalashtirish yoki raqamlashtirish boʻyicha aniq yechim taklifi (imkon boʻlsa, dalil – skrinshot yoki hujjat qoʻshgan holda).
Takliflarni saralash va mukofotlash
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori oʻrinbosari Tohir Safarovning ma’lum qilishicha, maxsus tashkil qilingan komissiya tomonidan kelib tushgan takliflar orasidan eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega 50 ta taklif saralanadi. Har bir taklif muallifiga 2 million soʻmgacha, jami bunga 100 million soʻm pul mukofoti ajratiladi.
Loyiha tashkilotchilarining ta’kidlashicha, yigʻilgan takliflar asosida eng muhim byurokratik muammolar xaritasi tuziladi hamda normativ hujjatlarni takomillashtirish uchun asos qilib olinadi. Kelib tushgan takliflar statistikasi va erishilgan natijalar hududlar va sohalar kesimida jamoatchilik uchun ochiq manbalarda muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish agentligiga direktori etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.