Shavkat Mirziyoyev Andijonda 1,1 trln so‘mlik aeroport rekonstruksiyasi bilan tanishdi

eʼlon qilindi
Uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilandi
Shavkat Mirziyoyev Andijonda 1,1 trln so‘mlik aeroport rekonstruksiyasi bilan tanishdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Andijon xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trln so‘mni tashkil etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini aeroportda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishishdan boshladi.

Aeroport 1978-yilda ishga tushirilgan, 2013-yilda esa xalqaro maqom olgan. Hozir uning rekonstruksiyasining ikkinchi bosqichi davom etmoqda.

Uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilandi

Loyihaning birinchi bosqichida aeroport infratuzilmasi yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak qurildi.

Shuningdek, 10 ta havo kemasi uchun to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari barpo etildi. Yangi yo‘lakka 50 yilgacha xizmat qilishi ko‘zda tutilgan sement-beton qoplama yotqizilgan. Germaniyada ishlab chiqarilgan yoritish-signal tizimi ham o‘rnatilgan.

Yangi terminal qurilmoqda

Foto: prezident matbuot xizmati

Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichida maydoni 19 ming 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli terminal binosi qurilmoqda.

Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning soatlik yo‘lovchi o‘tkazish imkoniyati besh barobar oshishi rejalashtirilgan.

Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi va aqlli xizmatlarni joriy etish ham ko‘zda tutilgan.

Yiliga 3,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan

Foto: prezident matbuot xizmati

Hozir Andijon xalqaro aeroportida mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2,5 mingtaga, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini esa yiliga 3,5 mln nafargacha oshirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev zamonaviy terminalni belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish, aeroport atrofida servis obyektlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga ikki kunlik tashrif bilan borib, qator loyihalar bilan tanishgandi.

Shuningdek