Shavkat Mirziyoyev Parda Ziyatov vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi

eʼlon qilindi
Mehnat faoliyatini tabelchilikdan boshlagan
Shavkat Mirziyoyev Parda Ziyatov vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

U uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritib, fermerlik harakati, paxtachilik va g‘allachilik rivojiga hissa qo‘shgan.

Mehnat faoliyatini tabelchilikdan boshlagan

Parda Ziyatov 1947-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan. Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.

Harbiy xizmatdan qaytgach, mehnat faoliyatini Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlagan. Keyinchalik ushbu xo‘jalikda brigada boshlig‘i va shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi lavozimlarida ishlagan.

2003 – 2018-yillarda Sharof Rashidov tumanidagi «Quyoshsevar Parda» fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. U paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishlarida o‘z tajriba maktabini yaratgan fermerlardan biri sifatida tanilgan.

Shuningdek, Ziyatov yosh fermer va mutaxassislarga ustozlik qilgan.

Parlamentda ham faoliyat yuritgan

Parda Ziyatov 1990 – 1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lgan. 2005 – 2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, ko‘p yillar davomida xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputati bo‘lgan.

So‘nggi yillarda nafaqada bo‘lishiga qaramay, qishloq va mahallalarni obodonlashtirish, keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar bilan ishlashda faol qatnashib kelgan.

O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan

Parda Ziyatovning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik faoliyati davlat tomonidan e’tirof etilib, unga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilgan.

Ta’ziyanoma prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar nomidan e’lon qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xo‘jaobodda yiliga 1 mln dona «aqlli» suv hisoblagich ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek