Shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga 200 ming dollar mukofot beriladi

O‘zbekistonda nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari oshirildi. Yangi tartibga ko‘ra, kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi yoki paralimpiadasida oltin medal olgan shaxmatchiga $200 ming, uning treneriga esa $50 ming beriladi. Bu prezidentning 2026-yil 21-sentabrdagi qarorida nazarda tutilgan.
Kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida oltin medal sohibiga $200 ming, kumush medal uchun $100 ming, bronza uchun $50 ming mukofot beriladi.

Ularning trenerlari mos ravishda $50 ming, $25 ming va $12,5 ming oladi.
Avvalgi tartibda shaxmatchilar uchun mukofotlar bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan edi. Olimpiada oltin medali uchun 2 ming BHM, kumush uchun 1 ming BHM, bronza uchun 500 BHM belgilangan edi.

Yoshlar olimpiadasi uchun ham alohida mukofot belgilanadi
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston Hindistonni mag‘lub etdi, Xitoy Germaniyadan ustun keldi: Olimpiadaning 6-turi qanday o‘tdi
Yoshlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida oltin medal olgan shaxmatchiga $20 ming beriladi.
Kumush medal uchun $10 ming, bronza uchun esa $5 ming to‘lanadi. Trenerlar mos ravishda $5 ming, $2,5 ming va $1,25 ming bilan rag‘batlantiriladi.
Jahon miqyosidagi musobaqalarda oltin uchun $15 ming
FIDE tasnifiga ko‘ra jahon miqyosidagi musobaqalarda oltin medal sohibiga $15 ming, kumush uchun $7,5 ming, bronza uchun $3 750 beriladi.
Avval bu mukofotlar mos ravishda 300, 150 va 75 BHMni tashkil etgan. Hozirgi BHM miqdoridan kelib chiqilganda bu 132 mln, 66 mln va 33 mln so‘mga teng.
Trenerlar uchun yangi mukofotlar oltin medalga $7 ming, kumushga $3,5 ming va bronzaga $1 750 etib belgilangan.
Osiyo musobaqalarida oltin uchun $10 ming
FIDE tasnifidagi Osiyo miqyosidagi musobaqalarda oltin medal olgan shaxmatchiga $10 ming, kumush medal sohibiga $5 ming, bronza medal sohibiga $2,5 ming beriladi.
Trenerlar mos ravishda $5 ming, $2,5 ming va $1 250 mukofot oladi.
Avval Osiyo miqyosidagi musobaqalar uchun oltin medal mukofoti 70 BHM – 30,8 mln so‘m, kumush uchun 35 BHM – 15,4 mln so‘m, bronza uchun 17,5 BHM – 7,7 mln so‘m edi.
Grossmeyster unvoni uchun $5 ming
Xalqaro grossmeyster sport unvonini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik shaxmatchiga bir martalik $5 ming mukofot beriladi. Avval ushbu mukofot 100 BHM miqdorida belgilangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxmatchi Nodirbek Yoqubboyev g‘alabasi haqida so‘zlab bergandi.