Xo‘jaobodda yiliga 1 mln dona «aqlli» suv hisoblagich ishlab chiqariladi

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi «Andijon texnoparki»da 5G texnologiyasi asosida ishlaydigan «aqlli» suv hisoblagichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni texnopark faoliyati va hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Loyiha qiymati $25 mln
Sanoat zonasida Xitoyning «Sanchuan» kompaniyasi tomonidan «aqlli» suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan.
Loyiha qiymati $25 mlnni tashkil qiladi va u to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80 foizi robotlashtirilgan. Hisoblagichlar «Huawei» kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilmoqda.
Suv sarfi va sifati onlayn kuzatiladi
5G texnologiyasiga asoslangan «aqlli» hisoblagichlar suv sarfi va sifatini, qurilmaning texnik holatini hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.
Korxonada yiliga 15 turdagi jami 1 mln dona suv hisoblagich ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Qurilmalar suv to‘planishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya hamda sovuqqa chidamli korpus bilan ishlab chiqariladi.

Mahalliylashtirish 70 foizga yetkaziladi
Loyihada mahalliylashtirish darajasini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda texnopark hududida hisoblagichlar uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan korxonalarni ham joylashtirish rejalashtirilgan. Korxonada dual ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Texnoparkka $300 mln investitsiya jalb qilingan
«Andijon texnoparki» 300 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan. 100 gektarlik hududda jami 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Texnopark to‘liq ishga tushgach 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Yiliga 50 dan ortiq turdagi $200 mlnlik mahsulot ishlab chiqarish, budjetga 160 mlrd so‘m tushum ta’minlash va viloyat eksport salohiyatini $50 mlnga oshirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda $15 mlnlik xalqaro texnikum ishga tushgani haqida yozgan edi.