Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasida ilk marta magʻlubiyatga uchradi

Samarqandda oʻtayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining sakkizinchi turida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida magʻlub boʻldi. Bu mezbonlarning turnirdagi dastlabki magʻlubiyati boʻldi.
Sindarov jamoaga yagona gʻalabani keltirdi
Ikkinchi taxtada Javohir Sindarov germaniyalik Mattias Blyubaumni magʻlub etdi. Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov Vinsent Kaymer bilan durang qayd etdi.
Nodirbek Yoqubboyev Frederik Svanega, Shamsiddin Vohidov esa Rasmus Svanega imkoniyatni boy berdi. Natijada Germaniya uchrashuvda 2,5:1,5 hisobida gʻalaba qozondi.
Oʻzbekiston yetti tur davomida magʻlub boʻlmagandi
Oʻzbekiston sakkizinchi turga qadar barcha yettita uchrashuvda gʻalaba qozonib, maksimal 14 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgandi. Yettinchi turda jamoa asosiy raqiblaridan biri Xitoyni 3:1 hisobida magʻlub etgan edi.
Oldingi turlarda Oʻzbekiston Yamayka, Peru, Avstriya, Turkiya, Vengriya, amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston va Xitoy ustidan gʻalaba qozondi.
Germaniya esa sakkizinchi tur oldidan 12 ochko bilan Oʻzbekistonni taʼqib qilayotgan jamoalardan biri edi. Nemislar avvalgi turda Turkiyani 3:1 hisobida magʻlub etgandi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 11 turdan iborat. Musobaqa Samarqandda 27-sentabrga qadar davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Turlov FIDE prezidenti saylovi oldidan shaxmatni qoʻllab-quvvatlash uchun 7 mln dollarlik dastur taklif qilgani haqida xabar bergan edi.