O‘zbekiston Eronni ishonchli hisobda mag‘lub etdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
3:1
Foto: UFA

Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Farg‘onada Eronga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bahs «Istiqlol» stadionida o‘tkazildi.

O‘zbekiston hisobni 10-daqiqada ochdi. Eldor Shomurodov Eron himoyachilarining xatosidan unumli foydalanib, milliy jamoani oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limda boshqa gol urilmadi.

Eron ikkinchi bo‘lim boshida hisobni tenglashtirdi. 49-daqiqada Ramin Rezayanning jarimadan uzatgan to‘pi darvozaga yo‘nalib, golga aylandi.

58-daqiqada Behruz Karimovga nisbatan qoida buzilganidan so‘ng O‘zbekiston penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Shomurodov 11 metrlik jarimani aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi. Bu uning O‘zbekiston terma jamoasi safidagi 47-goli bo‘ldi.

Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda O‘zbekiston yana bir bor gol urdi. 90+3-daqiqada Mahmudjon Mahamadjonovning uzatmasidan so‘ng Husayn Norchayev hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Shomurodov 47 ta gol bilan O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 1-oktyabr kuni Toshkentda Suriyaga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs ham FIFA kunlari doirasida bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev jamoaning kelgusi yirik turnir oldidan maqsadi yuqori ekanini bildirgandi.

Shuningdek