Toshkent viloyatida suv va kanalizatsiya tariflari oshiriladi

Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari tariflari oshiriladi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi 16-sentabr kuni tegishli qarorni qabul qildi. Yangi tariflar qaror ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan 15 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Qarorga ko‘ra, «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ xizmatlaridan foydalanadigan aholi uchun ichimlik suvining 1 kub metri amaldagi 2 600 so‘mdan 3 100 so‘mga oshadi. QQS bilan hisoblaganda yangi tarif 3 472 so‘mni tashkil qiladi. Oqova suv xizmatining 1 kub metri esa 1 300 so‘mdan 1 500 so‘mga ko‘tariladi. QQS bilan bu tarif 1 680 so‘m etib belgilanmoqda.

Mazkur korxona xizmatlaridan foydalanuvchi budjet va ulgurji tashkilotlar uchun ichimlik suvining 1 kub metri 15 ming so‘mdan 16 ming so‘mga oshiriladi. Oqova suv xizmatining narxi esa 3 ming so‘mdan 4 ming so‘mga ko‘tariladi. QQS bilan ichimlik suvi 17 920 so‘m, oqova suv esa 4 480 so‘m bo‘ladi.
«Chimgan-Chorbog‘ magistral suv ta’minoti» AJ bo‘yicha ham yangi tariflar tasdiqlangan. Aholi uchun ichimlik suvining 1 kub metri 1 500 so‘mdan 1 700 so‘mga, oqova suv xizmati esa 1 150 so‘mdan 1 350 so‘mga oshadi. QQS bilan yangi tariflar mos ravishda 1 904 va 1 512 so‘mni tashkil qiladi.

Mazkur korxona xizmatlaridan foydalanadigan budjet va ulgurji tashkilotlar uchun ichimlik suvining 1 kub metri 5 100 so‘mdan 7 000 so‘mga oshiriladi. QQS bilan bu 7 840 so‘mni tashkil qiladi. Oqova suv xizmati esa 3 400 so‘mdan 3 500 so‘mga, QQS bilan 3 920 so‘mga ko‘tariladi.
Qarorda «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ, «Chimgan-Chorbog‘ magistral suv ta’minoti» AJ va shahar-tuman hokimliklariga yangi tariflar bo‘yicha mahallalarda tushuntirish ishlarini olib borish hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti korxonalari rahbarlari belgilangan tariflarni muddatidan oldin qo‘llamaslik va ularni asossiz ravishda oshirmaslik uchun shaxsan javobgar etib belgilangan.
Qarorga ko‘ra, «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ har yarim yilda viloyat Kengashiga, uning tuman va shahar filiallari esa har chorakda mahalliy Kengashlarga aholining ichimlik va oqova suv bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berib boradi.
Avvalroq Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va suv tarmoqlarida rejali profilaktika-ta’mirlash ishlari sabab 14-sentabrdan 22-oktabrgacha barcha tumanlarning ayrim hududlarida ichimlik suvi vaqtincha o‘chirilishi yoki bosimi pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.