
Xiaomi 18 Fold kompaniyaning eng tez sotilayotgan buklanuvchi smartfoniga aylandi. Xiaomi rahbari Lu Veybinning ma’lum qilishicha, qurilmaning ilk kundagi savdosi avvalgi model ko‘rsatkichidan 300% yuqori bo‘lgan. Bu haqda IT Home xabar berdi.
Xiaomi 18 Fold sentabr boshida sotuvga chiqarildi. Kompaniya yangi modelga talab avvalgi yirik buklanuvchi smartfonga nisbatan sezilarli oshganini qayd etdi.
Xiaomi’ning yangi O3 chipi o‘rnatilgan
Xiaomi 18 Fold kompaniyaning O3 nomli yangi bir kristalli tizimi bilan jihozlangan ilk smartfon bo‘ldi.
Qurilma 5,38 dyuymli tashqi va 7,58 dyuymli buklanuvchi ichki ekranga ega. Shuningdek, smartfonga Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan uchta asosiy kamera o‘rnatilgan.
Xiaomi 18 Fold’ning boshlang‘ich narxi $1,6 ming etib belgilangan.
Shuningdek, o‘qing: Xiaomi 18 Pro Max modelining shaffof korpusli maxsus versiyasi namoyish etildi
Xiaomi yangi mahsulotlarga urg‘u bermoqda
Lu Veybin xotira komponentlari narxi tez oshayotgan bir paytda ishlab chiqaruvchilar qo‘shimcha xarajatlarni shunchaki xaridor zimmasiga yuklash bilan cheklanib qolmasligi kerakligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi foydalanuvchilarda yangi qurilma sotib olish istagini uyg‘otadigan innovatsion mahsulotlar yaratishga e’tibor qaratmoqda. Kompaniya Xiaomi 18 Fold va Xiaomi 18 Pro seriyasini ham shu yondashuv asosida ishlab chiqqanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» Xiaomi 18 Pro seriyasi qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.