
O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning ehtimoliy «Chelsi»ga transferi Toshkentning «Bunyodkor» klubiga sezilarli moliyaviy tushum keltirishi mumkin. Bu haqda Sports.kz xabar berdi.
Husanov 7-8 yoshidan «Bunyodkor» akademiyasida tarbiya topgan va 2022-yilda Minskning «Energetik-BGU» klubiga o‘tguniga qadar klub tizimida bo‘lgan.
«Bunyodkor» transfer summasining bir qismini olishi mumkin
FIFA’ning birdamlik mexanizmiga ko‘ra, futbolchining keyingi xalqaro transferlarida transfer kompensatsiyasining 5 foizigacha bo‘lgan qismi uni 12 – 23 yosh oralig‘ida tayyorlagan klublar o‘rtasida taqsimlanadi.
Sports.kz hisob-kitobiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning ulushi transfer qiymatining qariyb 2 foizini tashkil qilishi mumkin. Biroq aniq summa transfer narxi va FIFA hisob-kitoblariga bog‘liq bo‘ladi.
Husanov 2025-yil yanvarida «Lans»dan «Manchester Siti»ga 40 mln yevro evaziga o‘tganida, «Bunyodkor»ga tegishi mumkin bo‘lgan to‘lov turli manbalarda 800 ming yevrodan 1,05 mln yevrogacha baholangan. Yakuniy summa ochiqlanmagan.
Klubda moliyaviy muammolar kuzatilgan
Sports.kz ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda «Bunyodkor» futbolchilari va xodimlari bir necha oy davomida ish haqi olmagan. Klub «Qizilqum»ga qarshi chempionat uchrashuviga bora olmagani sabab texnik mag‘lubiyat ham olgan.
Shuningdek, sobiq futbolchisi Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli klubga transfer taqiqi qo‘yilgani, avgust oyida esa hukumat tomonidan 5 mlrd so‘mlik favqulodda moliyaviy yordam ajratilgani qayd etilgan.
«Chelsi»ning rasmiy taklifi hozircha yo‘q
Manbada «Chelsi» Husanovni himoya chizig‘ini kuchaytirish variantlaridan biri sifatida ko‘rayotgani va yanvar oyida taklif bilan chiqishi mumkinligi aytiladi. Biroq hozircha London klubidan rasmiy taklif kelib tushgani tasdiqlanmagan.
Bundan tashqari, Husanov 2026-yil yozida «Manchester Siti» bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirgan. Klubning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli himoyachi yangi besh yillik kelishuv imzolagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «Manchester Siti» Abduqodir Husanov qanday fikrda ekanini yozgan edi.