Chevrolet Equinox PHEV sotuviga start berildi

25-sentabr 2026 10:28 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet Equinox PHEV sotuviga start berildi
Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors yangi Chevrolet Equinox PHEV modelini xarid qilish uchun shartnoma tuzish boshlanganini ma’lum qildi. Avtomobilni kompaniyaning barcha rasmiy dilerlik markazlarida xarid qilish mumkin.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Chevrolet Equinox PHEV uchun shartnomalar UzAuto Motors’ning rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtiriladi.

Avtomobilning narxi va boshqa tafsilotlari haqida qo‘shimcha ma’lumotni UzAuto Motors’ning rasmiy sayti orqali olish mumkin.

Chevrolet Equinox PHEV bo‘yicha ma’lumotlar UzAuto Motors’ning +998 78 141 77 77 raqamli Call-markazi orqali ham taqdim etiladi.

Avtomobil haqida

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi krossover kundalik qatnovlarda, asosan, elektr energiyasidan foydalanish, uzoq masofalarga safarlarda esa benzin dvigatelini ishga tushirish imkonini beruvchi PHEV – tashqi manbadan quvvatlanadigan gibrid tizim bilan jihozlangan.

Elektrda 120 kmgacha yuradi

Chevrolet Equinox PHEV komplektatsiyasiga qarab litiy-temir-fosfat batareyasi bilan jihozlanadi. Activ 80KM versiyasi faqat elektr quvvatida 80 kmgacha, Activ 120KM esa 120 kmgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, batareya to‘liq quvvatlangan va yonilg‘i baki to‘ldirilgan holatda avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 1 000 kmdan oshadi.

Kompaniya taqdim qilgan ma’lumotda batareya sig‘imi 7 kVt/soat yoki 24 kVt/soat deb ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich komplektatsiyaga qarab farqlanishi qayd etilgan.

1,5 litrli turbo dvigatel va 188 ot kuchli elektromotor

Equinox PHEV’ning quvvat tizimi 1,5 litrli turbinali benzin dvigateli, 188 ot kuchiga ega elektromotor hamda ikki pog‘onali, ikki muftali gibrid uzatmalar qutisini birlashtiradi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bunday tizim yonilg‘i sarfini kamaytirish bilan birga tezlanish dinamikasi va ravon harakatlanishni ta’minlashga qaratilgan.

Foto: UzAuto Motors

Modelda kundalik shahardagi qatnovlarni elektr quvvatida amalga oshirish, uzoq safarlarda esa ichki yonuv dvigatelidan foydalanish imkoniyati mavjud.

360 darajali kamera va haydovchiga yordam tizimlari bor

Chevrolet Equinox PHEV haydovchiga yordam beruvchi bir qator tizimlar bilan jihozlangan. Ular orasida kruiz-nazorat, avtomatik favqulodda tormozlash, harakatlanish yo‘lagida ushlab turishga yordam berish va ko‘rinmaydigan hududlarni nazorat qilish funksiyalari mavjud.

Shuningdek, avtomobilda 360 darajali atrofni ko‘rish kamerasi va haydovchi hamda yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga mo‘ljallangan boshqa elektron tizimlar ko‘zda tutilgan.

Salonda ikkita 11 dyuymli ekran mavjud

Foto: UzAuto Motors

Krossover salonida 11 dyuymli raqamli asboblar paneli va 11 dyuymli sensorli multimedia ekrani o‘rnatilgan.

Model Apple CarPlay tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, simsiz quvvatlash, panoramali lyuk, isitiladigan va shamollatiladigan old o‘rindiqlar ham mavjud.

UzAuto Motors modelni elektr avtomobilining tejamkorligi va ichki yonuv dvigatelli avtomobilning uzoq masofaga harakatlanish imkoniyatini birlashtiruvchi krossover sifatida taqdim etmoqda.

Chevrolet Equinox PHEV narxi 463,5 mln so‘mdan boshlanadi

Chevrolet Equinox PHEV Activ 80KM komplektatsiyasining tavsiya qilingan chakana narxi 463,5 mln so‘m etib belgilangan.

Uzoqroq elektr yurish zaxirasiga ega Activ 120KM versiyasi esa 478,5 mln so‘mdan taklif qilinadi. Ikki komplektatsiya o‘rtasidagi narx farqi 15 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek