Chevroletning yo‘ltanlamas modeli sinovdan o‘tdi — video

25-sentabr 2026 10:43 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevroletning yo‘ltanlamas modeli sinovdan o‘tdi — video
Foto: GM Authority

Traxxas kompaniyasi 1972-yilgi Chevrolet K5 Blazer asosida yaratilgan yangi TRX-4 radio orqali boshqariladigan modelini taqdim etdi. 1:10 masshtabdagi avtomobil yo‘lsiz hududlarda harakatlanishga mo‘ljallangan.

GM Authority yozishicha, yangi model klassik Chevrolet K5 Blazer dizaynini imkon qadar aniq takrorlaydi. Kuzov maxsus yashirin mahkamlash tizimiga ega bo‘lib, tashqi ko‘rinishda odatiy RC-klipslar ko‘rinmaydi.

Tashqi ko‘rinishi asl Blazer’ga yaqinlashtirilgan

Model shaffof oynalar, xromlangan radiator panjarasi va bamperlar, yon ko‘zgular, xrom bezaklar hamda oyna tozalagichlar bilan jihozlangan.

Salon ham batafsil ishlangan. Unda rul, markaziy konsol, uzatma dastagi va 1970-yillar uslubidagi bezaklar mavjud.

Avtomobil 1,9 dyuymli xromlangan g‘ildiraklar va Canyon Trail shinalariga ega.

To‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi o‘rnatilgan

Foto: GM Authority

TRX-4 platformasidagi model po‘lat ramka, old qismda uch bo‘g‘inli, orqa qismda esa to‘rt bo‘g‘inli osma tizimiga ega.

Shuningdek, unda moyli alyuminiy amortizatorlar, Titan 550 elektr motori va masofadan boshqariladigan ikki pog‘onali uzatma qutisi mavjud.

Model doimiy to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi va masofadan bloklanadigan differensiallar bilan jihozlangan. Bu esa murakkab yo‘l sharoitlarida harakatlanish imkonini oshiradi.

Narxi qariyb $500

Yangi Traxxas TRX-4 Chevrolet K5 Blazer kompaniya saytida $499,95 narxda sotuvga chiqarilgan.

Akkumulyator va quvvatlagich esa alohida sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Equinox PHEV sotuviga start berilgani haqida xabar berilgandi. Avtomobilni kompaniyaning barcha rasmiy dilerlik markazlarida xarid qilish mumkin.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Chevrolet Equinox PHEV uchun shartnomalar UzAuto Motors’ning rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtiriladi.

Shuningdek