Natija bo‘lmasa, pul qaytariladi: fermerlar uchun subsidiya qoidalari o‘zgaradi

eʼlon qilindi
«Mablag‘ ajratish»dan «natijaviy subsidiya» modeliga o‘tish taklif qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga beriladigan subsidiyalarni ajratish tartibi o‘zgarishi mumkin. Kelgusi yildan «mablag‘ ajratish»dan «natijaviy subsidiya» modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, ayrim hollarda subsidiya mablag‘ini qaytarish mexanizmi qo‘llanadi. Bu haqda 25-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan taqdimotda so‘z bordi.

Subsidiya olgan fermerning natijasi ham hisobga olinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, yangi tizimda subsidiya ajratishda faqat xarajatning o‘zi emas, balki hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi hamda sarflangan resurs evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezonlardan bo‘ladi.

Ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, uning natijalari onlayn kuzatib boriladi.

Yangi mexanizm dastlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya berilgach, ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablag‘ini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi.

Bu yil agrar subsidiyalarga 2,7 trln so‘m ajratilgan

2026-yilda qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilgan. Ushbu maqsadlarga jami 2,7 trillion so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan.

Ayrim yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilmoqda, to‘lov muddatlari esa qisqartirilgan. Endilikda asosiy e’tibor davlat mablag‘larini aniq natijaga yo‘naltirishga qaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi ham kengayadi

Taqdimotda agrar sug‘urta tizimini kengaytirish bo‘yicha ham takliflar berildi. Xususan, bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat hamda daraxtlar, import qilingan chorva va turli tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni sug‘urtalash rejalashtirilgan.

Chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etilishi kutilmoqda.

Hozirda «Agrosafe» tizimi orqali sug‘urta bo‘yicha elektron ariza topshirish, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini to‘lash jarayonlari raqamlashtirilgan.

2027-yilda 45 mingta xo‘jalik sug‘urtalanadi

Kelasi yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60 foizga yetkazish va 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash maqsad qilingan. Shuningdek, sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi yondashuvda sug‘urta faqat yetkazilgan zararni qoplash bilan cheklanmaydi. Sug‘urta mukofotining 3 – 5 foizini maxsus jamg‘armaga yo‘naltirish va undan chorvachilikda vaksinatsiya hamda veterinariya xizmatlari, paxta va g‘allachilikda biologik himoya, bog‘dorchilik va uzumchilikda tabiiy ofatlardan himoyalanish choralariga foydalanish taklif qilindi.

Prezident mutasaddilarga subsidiya va sug‘urta tizimlarini fermerlar uchun sodda va qulay qilish, inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash hamda sug‘urta tovonlarini tezkor to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek