Oq uy taqiqlangan muxbirlarning akkreditatsiyasini tikladi

eʼlon qilindi
Sud ishi hali yakunlanmagan
Oq uy taqiqlangan muxbirlarning akkreditatsiyasini tikladi
Foto: Pexels

CNN, MS NOW va Politico jurnalistlari 24-sentabr kuni federal sud ularning Oq uy hududiga kirish huquqini tiklash haqida qaror chiqarganidan keyin ham dastlab binoga kiritilmadi. Nashrlar shundan so‘ng suddan zudlik bilan yangi eshituv o‘tkazishni so‘radi.

Biroq vaziyat kun davomida o‘zgardi: jurnalistlarning akkreditatsiyasi qayta tiklandi va ular Oq uyga yana kira boshladi. Reuters va Axios ma’lumotiga ko‘ra, bu sud qaroridan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan.

Sud taqiqni 14 kunga to‘xtatgan

AQSh federal sudyasi Timoti Kelli Donald Tramp ma’muriyatiga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarining Oq uyga kirishini darhol tiklashni buyurgan.

Sud 14 kunlik vaqtinchalik cheklov chorasi joriy qilib, nashrlarning Beshinchi tuzatishdagi protsessual kafolatlar buzilgani haqidagi da’vosi muvaffaqiyat qozonishi ehtimoli borligini qayd etgan.

Uch nashr sudga murojaatida Oq uy ularni faoliyati va tahririy pozitsiyasi sabab chetlatganini, bu esa Birinchi va Beshinchi tuzatishlarda belgilangan huquqlarini buzganini bildirgan. Birinchi tuzatish bo‘yicha da’volar hali alohida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Jurnalistlar ertalab yana qaytarilgan

Sud qarori kuchga kirganidan keyin ham payshanba kuni ertalab uch nashr muxbirlari Oq uy hududiga kiritilmagan.

Shundan so‘ng CNN, MS NOW va Politico suddan tezkor eshituv o‘tkazishni so‘rab, masala, ayniqsa, Xitoy raisi Si Szinpinning Oq uyga tashrifi arafasida dolzarb ekanini ta’kidlagan.

Oq uy matbuot xizmati keyinroq ma’muriyat sud qarori haqida ertalab xabardor qilingani va akkreditatsiyalarni qayta tiklash jarayoni darhol boshlanganini ma’lum qilgan.

Sud ishi hali yakunlanmagan

Kelli hozircha ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarmagan. Sudya nashrlarga 28-sentabrgacha dastlabki taqiq chorasi bo‘yicha yangi ariza topshirish imkonini bergan.

Bu chora qabul qilinsa, sud jarayoni davom etayotgan paytda jurnalistlarning Oq uyga kirish huquqi saqlanib qolishi mumkin. Oq uy esa avvalroq sud qarorini yuqori instansiyada ko‘rib chiqishga urinishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan sud Oq uyga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlari kirishini tiklashni buyurgani haqida yozgan edi.

Shuningdek