Qozog‘istonda motam kuni e’lon qilindi: Kaspiyda 12 harbiy halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Yana ikki harbiy xizmatchini qidirish ishlari davom etmoqda
Foto: Unsplash

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida Kaspiy dengizi sohilida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulot vaqtida 12 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Dengiz harbiylarni oqizib ketgan

Hodisa 2026-yil 24-sentabr kuni Harbiy-dengiz kuchlari o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan paytda yuz bergan. Ob-havo keskin yomonlashib, shamol kuchaygan va 17 nafar harbiy xizmatchini dengizga oqizib ketgan.

Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan 12 nafari halok bo‘lgan, uch nafari qutqarilgan. Yana ikki harbiy xizmatchining qayerdaligi hozircha noma’lum. Ularni qidirish kechayu kunduz davom ettirilmoqda.

Qutqarilgan harbiylardan biri Mang‘istau viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini barqaror og‘ir deb baholagan.

Hodisa yuzasidan jinoiy ish ochildi

Fojia sabablarini o‘rganish uchun Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tergov Qozog‘iston Bosh prokuraturasi nazoratiga olingan.

Prezident Qasim-Jomart Toqayev halok bo‘lgan harbiylarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, hukumat komissiyasiga hodisa sabablarini aniqlash va oilalarga yordam ko‘rsatishni topshirdi.

25-sentabr — umumxalq motam kuni

Toqayevning farmoyishiga ko‘ra, 25-sentabr Qozog‘istonda halok bo‘lgan harbiylar xotirasiga umumxalq motam kuni deb e’lon qilindi.

Фото: Kazinform

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan 12 harbiyning ismlarini ham e’lon qildi. Ular orasida bir katta leytenant va 11 matros bo‘lgan.

Avvalroq «Kursiv» Nigeriyada noqonuniy konchilikda gumon qilinib hibsga olingan kamida 37 kishi vafot etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek