Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi harbiylar halokati munosabati bilan hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Aqorda xabar berdi.
Prezident Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, shuningdek, Qozog‘iston xalqiga chuqur ta’ziya izhor qilgan. Qozog‘iston prezidenti voqeadan so‘ng qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan va mamlakatda 25-sentabrni umummilliy motam kuni deb e’lon qilgan.
Fojia Kaspiy dengizida yuz berdi
Hodisa 24-sentabr kuni Mang‘istau viloyatida, Kaspiy dengizi sohilida harbiy-dengiz kuchlari mashg‘ulotlari vaqtida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ochiq dengizdagi kuchli bo‘ron sabab 17 nafar harbiy xizmatchi suvga tushib ketgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari 25-sentabr tongida yakunlangan.
Natijada 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, uch nafari qutqarilgan.
Hodisa sabablari o‘rganilmoqda
Qozog‘iston hukumati harbiy xizmatchilar halokati sabablarini aniqlash uchun maxsus hukumat komissiyasini tuzgan.
O‘zbekiston rahbaridan tashqari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham Qozog‘iston tomoniga hamdardlik bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda motam kuni e’lon qilingani haqida yozgan edi.