Shotlandiya orolida 34 yildan beri ilk chaqaloq tug‘ildi

eʼlon qilindi
Dunkan Uaylder Torsteyn Traill Suares Ford ismli bolakay 15-sentabr kuni tug‘ilgan
Foto: CNN

Shotlandiyaning Shimoliy Ronaldsay orolida 34 yildan beri birinchi marta chaqaloq dunyoga keldi. Dunkan Uaylder Torsteyn Traill Suares Ford ismli bolakay 15-sentabr kuni tug‘ilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Shimoliy Ronaldsay – Orkney arxipelagining eng shimoliy oroli bo‘lib, uzunligi qariyb 4,8 kilometr, kengligi esa 3,2 kilometrni tashkil etadi. Shotlandiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda orolda atigi 72 kishi yashagan. Hozir esa bu ko‘rsatkich 51 nafargacha kamaygan.

Chaqaloq boshqa davlatda tug‘ilishi kerak edi

Dunkanning onasi Alisa Traill Ford va uning kuyovi Jorj Suarez vaqtining bir qismini Kosta-Rikada, qolganini esa Shimoliy Ronaldsayda o‘tkazadi.

Dastlab ular farzandining Kosta-Rikada tug‘ilishini rejalashtirgan va oroldan qaytish uchun aviachipta ham olgan. Biroq Shimoliy Ronaldsayga kelgach, tug‘uruq rejasini o‘zgartirishga qaror qilishgan.

Alisa Traill Ford farzandini ajdodlari qurgan Holland uyida dunyoga keltirgan. Uning oilasi orolni 1727-yildan beri egalik qilib keladi.

Orol aholisi chaqaloq tug‘ilganini bayram qildi

Dunkan tug‘ilgach orol aholisi xursandchilik bilan yangilikni kutib oldi. Uning onasi qo‘shnilarga omad ramzi sifatida to‘rt bargli beda va mahalliy qobiqlardan bezatilgan kichik viski butilkalarini tarqatgan.

Shimoliy Ronaldsay aholisi o‘zaro juda yaqin munosabatda yashaydi. Traill Ford oroldagi odamlarni katta bir oila kabi tasvirlagan.

Orolda shifoxona va shifokor yo‘q

Traill Fordning fikricha, orolda 30 yildan ortiq vaqt davomida chaqaloq tug‘ilmaganining asosiy sabablaridan biri tibbiy infratuzilmaning cheklanganidir.

Ronaldsayda shifoxona yoki doimiy shifokor yo‘q, faqat hamshira faoliyat yuritadi. Orolni Orkney materigidan qayiq orqali bog‘lash uchun taxminan 2 soat 40 daqiqa vaqt ketadi.

Favqulodda vaziyat yuzaga kelganida qutqaruv vertolyoti chaqirilishi mumkin. Bemorning ahvoli imkon bersa, u Orkney materigidagi Kirkvall shahriga olib ketiladi.

Shu sababli ayrim bo‘lajak onalar tug‘ruq vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar tufayli shifoxonaga yaqinroq joyda tug‘ishni afzal ko‘rishi mumkin.

Avvalroq Andijon viloyatida bir oilada to‘rt egizak dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek