Turkiya Navoiy «Kulliyot»ining noyob nusxasini Toshkentga olib keldi

25-sentabr 2026 13:45 eʼlon qilindi

Dilobar Yoʻldosheva

Dilobar Yoʻldosheva

Muxbir
Foto: iccu.uz

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Alisher Navoiyning «Kulliyot» qo‘lyozmasining noyob nusxasini topshirdi. Bu haqda markaz ma’lum qildi.

Qo‘lyozma Istanbuldagi Topqopi saroyi kutubxonasida saqlanadigan nusxa asosida tayyorlangan. U 802 varaqdan iborat bo‘lib, unda Navoiyning 26 ta asari jamlangan. Asar 1495-yilda, shoir hayotligi davrida Darvish Muhammad Taqiy tomonidan ko‘chirila boshlangan va Navoiy vafotidan keyin yakunlangan.

Qo’lyozmada noyob miniatyuralar va o‘nlab zarhal bezaklar tasvirlangan

Foto: iccu.uz
Foto: iccu.uz

«Kulliyot» ikki miniatyura, 24 ta zarhal sarlavha va 30 ta bezakli sahifa bilan bezatilgan. Qo‘lyozma XV–XVI asrlardagi Sharq qo‘lyozma san’atining noyob namunalaridan biri hisoblanadi. Nusxa markazning Ikkinchi Renessans zalidagi Navoiy bo‘limiga joylashtirildi.

Turkiya vaziriga Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi sovg’a qilindi

Mehmet Nuri Ersoy boshchiligidagi delegatsiyaga O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamrohlik qildi. Mehmonlar Usmon Mus’hafi saqlanadigan Qur’oni karim zali, Birinchi va Ikkinchi Renessans zallari hamda boshqa ekspozitsiyalar bilan tanishdi.

Ersoy markazdagi zamonaviy muzey texnologiyalariga yuqori baho berdi va uni O‘zbekistonga kelgan mehmonlar albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan maskanlardan biri deb atadi. Tashrif yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi unga Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasini sovg‘a qildi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkentda 2026-yil 24–29-sentabr kunlari «Turk kino kunlari» bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek