Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik: ayrim xodimlar ishdan olindi

eʼlon qilindi
Gumonlanuvchi 12-sentabr kuni ushlangan
Issiq kunlarda bog‘chalar uchun ta’til hozircha rejalashtirilmagan — MMTV
Foto: MMTV

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida voyaga yetmagan tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi, Bolalar ombudsmani hamda Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.

Nima bo‘lgan

Avvalroq «Daryo» nashri o‘z manbasiga tayanib, Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chalaridan birida ishlovchi ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini xabar qilgandi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, holat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati va Bolalar ombudsmani vakili tomonidan tasdiqlangan.

Gumonlanuvchi 12-sentabr kuni ushlangan

Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan 12-sentabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi o‘sha kunning o‘zida protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi – 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda 112-moddasi 1-qismi – o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Bog‘chadagi ayrim xodimlar ishdan olindi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatni atroflicha o‘rganish hamda mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuzdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, voqeaga daxldor deb gumon qilingan ta’lim tashkiloti xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodim va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

Boshqa davlat bog‘chalari ham tekshirilmoqda

Vazirlik bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari bo‘yicha tekshiruvlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Bolalar ombudsmani esa jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini o‘z vakolatlari doirasida kuzatib borayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda IIB xodimi voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanayotgandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimi tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Shuningdek