O‘zbekiston ilk C-390 Millennium harbiy samolyotini qabul qilib oldi

Braziliyaning Embraer kompaniyasi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga birinchi C-390 Millennium ko‘p maqsadli harbiy transport samolyotini topshirdi. Shu tariqa O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ushbu samolyotdan foydalanadigan birinchi davlatga aylandi.
Samolyotni topshirish marosimi 25-sentabr kuni Braziliyaning Gavião Peixoto shahridagi Embraer zavodida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burxonov va «O‘ztextreyd» davlat muassasasi direktori Olimxon Rustamov qatnashdi.

Shartnoma 2024-yil oxirida imzolangan
Embraer ma’lumotiga ko‘ra, C-390 Millennium yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024-yil oxirida imzolangan.
Kelishuv samolyotning o‘zidan tashqari, mutaxassislarni o‘qitish, texnik qo‘llab-quvvatlash va ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.
«Birinchi C-390 Millennium’ning yetkazib berilishi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir», – dedi Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Ahmad Burxonov.
Samolyot 26 tonnagacha yuk tashiy oladi

C-390 Millennium 26 tonnagacha yuk ko‘tarishi mumkin. U yuk va harbiy xizmatchilarni tashish, havodan yuk va personal tushirish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv, yong‘inlarni o‘chirish hamda gumanitar operatsiyalarda foydalanishga mo‘ljallangan.
Samolyot vaqtinchalik va asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin. Maxsus uskuna o‘rnatilganda u havoda boshqa samolyotlarga yonilg‘i quyishi yoki o‘zi havoda yonilg‘i qabul qilishi mumkin.
Avvalroq Embraer O‘zbekiston C-390 samolyotlaridan asosan transport va gumanitar missiyalarda foydalanishini ma’lum qilgan edi. Hozirda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari transport aviatsiyasi tarkibida Il-76 va CASA C-295 samolyotlaridan foydalaniladi.