Pensiya islohoti loyihasi kelib tushgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi

Joriy yilning 25-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayev pensiya yoshini oshirish loyihasi yuzasidan jamoatchilik fikri qay tartibda inobatga olinishi bo‘yicha Kursiv Uzbekistan muxbiriga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bildirilgan takliflar tahlil qilinib, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
«Pensiya yoshini birdaniga uch yilga oshirish o‘rniga, uni har yili uch oydan bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha takliflar ham bildirilgan. Jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, kelib tushgan takliflar asosida loyiha qayta ko‘rib chiqiladi. Inobatga olinmagan takliflar bo‘yicha esa tegishli asoslar keltiriladi», – dedi u.
Pensiya jamg‘armasi normativ bazani takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayevning aytishicha, loyiha yuzasidan kelib tushayotgan barcha taklif va fikrlar o‘rganilmoqda.
Shuningdek, o‘qing: Pensiya islohotiga doir fikr-mulohazalar soni 1,5 mingga yaqinlashdi

Loyiha muhokamasi 15 kundan ortiq davom etishi mumkin
Loyihaning nima uchun atigi 15 kunga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqidagi savolga Jo‘rayev bu yakuniy muddat emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi qonunchilikka muvofiq, normativ-huquqiy hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasida kamida 15 kun bo‘lishi kerak. Zarur hollarda bu muddat uzaytirilishi mumkin.
«Kelib tushgan takliflar tahlil qilinib, tegishli o‘zgartirishlar kiritilgach, loyiha huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga yuboriladi», – dedi u.
Avvalroq «Kursiv» pensiya islohoti haqida odamlar qanday fikrda ekanligi haqida xabar bergan edi.