Vivo X Fold 6 global bozorga 1-oktabrda chiqishi mumkin

27-sentabr 2026 15:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Vivo X Fold 6 global bozorga 1-oktabrda chiqishi mumkin
Foto: Vivo

Vivo’ning yangi buklanuvchi smartfoni Vivo X Fold 6 global bozorda 1-oktabr kuni taqdim etilishi mumkin. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Global versiya ikki xil xotira bilan chiqishi kutilmoqda

Xalqaro bozorda Vivo X Fold 6 12 GB tezkor va 256 GB yoki 512 GB doimiy xotiraga ega versiyalarda taklif qilinishi mumkin.

Smartfon Prism Black va Nebula Teal ranglarida sotilishi kutilmoqda.

Xitoyda modelning boshlang‘ich narxi 7 999 yuan, ya’ni taxminan 1 190 dollarni tashkil etgan.

Global model OriginOS 7 bilan ishlaydi

Xitoy va xalqaro versiyalar o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri operatsion tizim bo‘lishi kutilmoqda.

Global Vivo X Fold 6 yangi OriginOS 7 bilan yetkazib berilishi mumkin. Xitoyda sotilayotgan versiya esa OriginOS 6 Fold tizimida ishlaydi.

Ichki ekran 8,02 dyuym bo‘ladi

Smartfonning asosiy buklanuvchi ekrani 8,02 dyuymli bo‘lib, Samsung’ning M14 yorug‘lik chiqaruvchi materialidan foydalanadi.

Tashqi displey diagonali esa 6,51 dyuymni tashkil qiladi.nQurilma Vivo uchun maxsus ishlab chiqilgan Dimensity 9 500 Super Edition protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Asosiy kamera 200 MP bo‘ladi

X Fold 6 kameralar tizimida 200 MP asosiy sensor, Zeiss APO sertifikatiga ega periskop teleobyektiv hamda 50 MP ultra keng burchakli kamera mavjud. Smartfon Vivo’ning Zeiss 200 mm telekonverter aksessuarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. U kamera zum imkoniyatlarini kengaytirishga mo‘ljallangan.

Batareya sig‘imi 7 000 mA/soat

Vivo X Fold 6 7 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Bu buklanuvchi smartfonlar uchun nisbatan katta ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qurilma 80 Vt quvvatli simli va 40 Vt quvvatli simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo S2 FE smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek