Farg‘onada soxta hujjatlar bilan 428,8 mln so‘m kredit olgan shaxslar aniqlandi

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida soxta hujjatlar asosida bankdan 428,8 mln so‘m kredit olgan besh nafar shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
O‘zlarini harbiy qism xodimi sifatida ko‘rsatgan
Departamentning Quva tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda besh nafar fuqaro o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Ular hech qayerda rasman ishlamasligiga qaramay, go‘yoki Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism xizmatchilari sifatida soxta mehnat shartnomalari hamda ish haqi olganliklari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni tayyorlagan.
Bankdan 428,8 mln so‘m kredit olingan
Tayyorlangan soxta hujjatlar tijorat bankining Quva tumanidagi filialiga taqdim etilgan.
Natijada ushbu hujjatlar asosida bankdan jami 428,8 mln so‘mlik kredit mablag‘lari olingani aniqlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik hamda 228-moddasi – hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona va Namanganda 2,6 kg gashish musodara qilingani haqida yozgan edi.