Hafta o‘rtasida yomg‘ir yog‘ib, havo salqinlashadi

28–29-sentabr kunlari O‘zbekistonning katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanadi. 30-sentabr va 1-oktabrda esa ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ib, havo harorati kunduzi 21–24 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, bugun va ertaga kunduzgi harorat asosan 25–28 daraja, kechasi 10–13 daraja bo‘ladi.
30-sentabr va 1-oktabrda yomg‘ir yog‘adi
30-sentabr va 1-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Bu kunlarda havo harorati kechasi 8–13 daraja, kunduzi 21–24 daraja, ayrim joylarda 26 darajagacha bo‘ladi. 2-oktabr kuni esa yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Tog‘larda kuchli yomg‘ir va qor bo‘lishi mumkin
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda hafta davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 30-sentabr va 1-oktabrda ayrim joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi, baland tog‘larda esa yog‘ingarchilik qorga aylanishi mumkin.
Shamol g‘arbdan 7–12 m/s tezlikda esadi, cho‘l hududlari va janubda ayrim paytlarda 14 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda ham yomg‘ir kutilmoqda
Toshkentda 28-sentabr kechqurun va 29-sentabrga o‘tar kechasi qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
30-sentabr va 1-oktabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 21–24 darajagacha pasayadi. 2-oktabrda poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 27-sentabr kuni AQSh shimoli-sharqida kuchli dovul yuzlab aviareyslarni bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Dovul Nyu-York, Nyu-Jersi, Konnektikut, Massachusets, Rod-Aylend va Pensilvaniya shtatlarida kuchli shamol va yomg‘ir olib keldi.