NKMK daromadi oshdi, oltin ishlab chiqarish xarajatlari esa 42 foizga ko‘paydi

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» (NKMK)ning 2026-yil birinchi yarim yilligidagi sof tushumi 49,9% ga oshib, $7,07 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy xarajatlar (AISC) 41,5% ga oshdi. AJ MHXS boʻyicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi.
AISC bir unsiya uchun $1 647 ga yetdi
2026-yilning dastlabki olti oyida AISC bir unsiya uchun $1 647 ni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $1 164 edi. Shunday qilib, xarajatlar 41,5% ga oshgan.
Kompaniya bunga oltin narxining yuqoriligi fonida royalti – yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlarining oshishi, shuningdek, inflyatsiya sabab sarflanadigan materiallar qimmatlashganini asosiy omillar sifatida ko‘rsatdi. Royalti AISC tarkibining 31% ini tashkil etadi.
Bundan tashqari, «Muruntov» konida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi doirasidagi ustki qatlamlarni olib tashlash ishlariga xarajatlarning oshishi ham AISC ko‘rsatkichiga ta’sir qilgan.
So‘mning AQSh dollariga nisbatan 6,1% ga mustahkamlanishi esa AISCni bir unsiya hisobida qo‘shimcha $101 ga oshirgan. Bu ko‘rsatkich umumiy o‘sishining 8,7% iga teng.
««NKMK» AJ jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar orasida AISC darajasi bo‘yicha yetakchi o‘rnini saqlab qolmoqda», – deyiladi AJ press-relizida.
Sof foyda 57% dan ko‘proqqa oshdi
NKMKning sof tushumi bir yil avvalgi $4,72 mlrddan $7,07 mlrdga yetdi. Kompaniya tushum o‘sishining asosiy sababini London qimmatbaho metallar birjasida oltin narxining sezilarli oshishi bilan izohladi.
Shu davrda NKMK 1,51 mln troy unsiya oltin ishlab chiqardi. Bu 2025-yilning birinchi yarmidagi 1,54 mln unsiyaga nisbatan 1,8% kam.
Sof foyda esa 57,2% ga oshib, $2,38 mlrdga yetdi. Moslashtirilgan EBITDA 59,8% ga ko‘payib, $4,89 mlrdni tashkil etdi.
NKMK bosh direktorining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jahongir Xasanov kompaniya ishlab chiqarish hajmi va AISC darajasi bo‘yicha global yetakchilar orasidagi o‘rnini saqlab qolayotganini ta’kidladi.
Investitsiyalar ham oshdi
Kompaniyaning investitsiya faoliyatiga yo‘naltirgan mablag‘lari 31,8% ga oshib, $543 mlnni tashkil qildi. Ular asosan amaldagi konlarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tog‘-kon texnikasi parkini ko‘paytirish va geologiya-qidiruv loyihalariga yo‘naltirilgan.
NKMKning qarz yuklamasi koeffitsiyenti esa 0,5x dan 0,3x gacha pasaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan NKMKda bir unsiya oltin tannarxi 8,2% ga, korxonaning umumiy xarajatlari esa o‘tgan yildagiga nisbatan 22% ga oshgani haqida yozgandi.