«Yangi agronom» va «Ustoz-shogird» tizimlari joriy etiladi

O‘zbekistonda yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va g‘alla yetishtirish ko‘nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash uchun «Yangi agronom» hamda «Ustoz-shogird» tizimlari joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Talabalar xorijga yuborilishi mumkin
«Yangi agronom» tizimida Toshkent davlat agrar universiteti hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida mutaxassis tayyorlaydigan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining 2 va 3-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin.
Talabalar tanlov asosida saralanadi. Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarida har yili kamida bir marta o‘tkaziladi.
Amaliyotni a’lo baholar bilan yakunlagan talabalar maxsus komissiya tomonidan saralanib, ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijiy davlatlarga yuboriladi.
Hosildor fermerlar «ustoz» bo‘ladi
«Ustoz-shogird» tizimi doirasida paxtadan gektariga 50 – 60 sentnerdan yuqori hosil olgan ilg‘or agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari «ustoz» sifatida tanlovda qatnashishi mumkin.
Ularga tanlovda qatnashishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari taklif qiladi.
Har bir «ustoz» agroklaster yoki fermer xo‘jaligiga paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha fermer xo‘jaligi «shogird» sifatida biriktiriladi.
Har bir shogird uchun 5 mln so‘m mukofot
Har bir hosil yili yakunida «shogird» fermer xo‘jaligi paxtadan gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil olsa, unga biriktirilgan «ustoz» agroklaster yoki fermer xo‘jaligi mukofotlanadi.
Mukofot miqdori natijaga erishgan har bir «shogird» fermer xo‘jaligi uchun 5 mln so‘m etib belgilangan.
Natijalar elektron tizim orqali nazorat qilinadi
«Ustoz-shogird» tizimi doirasidagi ishlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasi orqali nazorat qilinadi.
Shuningdek, «ustoz» agroklaster va fermer xo‘jaliklari hamda ularga biriktirilgan «shogird» fermer xo‘jaliklarining reyestri Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yuritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri fermer va klasterlarga har tonna uchun 500 ming so‘m berilishi haqida yozgan edi.