Bolalarga jinsiy tajovuz uchun qonun loyihasi, oktabrda harorat qanday va Husanov «Chelsi»ga qachon o‘tadi — 29-sentabr yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan dayjesti
В Ташкенте усилился ветер: жителей предупредили о риске падения деревьев
Foto: Kursiv Uzbekistan

Bolalarga jinsiy tajovuz uchun qonun loyihasi, oktabrda harorat qanday va Husanov «Chelsi»ga qachon o‘tadi — 29-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Abduqodir Husanov «Chelsi»ga qachon o‘tadi

Abduqodir Husanov «Chelsi»ga qachon o‘tadi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Angliyaning «Chelsi» klubi «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov o‘yiniga qiziqish bildirmoqda. Londonliklar yaqin kunlarda 22 yoshli futbolchining vakillari bilan bog‘lanishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, «Chelsi» Husanovni 2027-yil yanvaridagi transfer oynasi oldidan markaziy himoyani kuchaytirish variantlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Hozircha klublar o‘rtasida rasmiy muzokara yoki transfer bo‘yicha kelishuv haqida ma’lumot yo‘q.

Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish jazolanadi

Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish jazolanadi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni tegishli ruxsatnomasiz qurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalardan ruxsatnoma olish talab etiladi.

Talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiyalash taklif qilindi

Talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiyalash taklif qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda dual ta’lim doirasida talabalarni amaliyotga qabul qilgan korxonalarga talaba uchun to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash taklif qilinmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflarda ma’lum qilindi.

Sindarov, Abdusattorov va Madaminov: shaxmat olimpiadasi g‘oliblari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

Bir guruh Qurolli Kuchlar va xavfsizlik organlari xodimlari mukofotlandi
Foto: President.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, shaxmatchilar, murabbiylar va federatsiya vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Qonun loyihasi: bolalarga jinsiy tajovuz uchun umrbod qamoq beriladimi

Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi
Foto: FTW

O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi asosida kiritilgan. Hujjat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan.

Oktabrda harorat 2 daraja sovuqqacha tushishi mumkin

Oktabrda harorat 2 daraja sovuqqacha tushishi mumkin
Foto: depositphotos

2026-yil oktabr oyi O‘zbekistonda beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida iliq va salqin davrlar almashib turishi, shimoliy hududlarda ayrim paytlarda tungi harorat 0–2 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, oktabrda o‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik esa hududlar bo‘yicha notekis taqsimlanadi.

Bir vaqtlar federatsiyani almashtirish haqida o‘ylaganman — Sindarov shaxmatga e’tibor haqida

Javohir Sindarov Olimpiadadagi ilk durangiga izoh berdi
Foto: Sindarov/ Instagram

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov faoliyatining bir davrida shaxmat federatsiyasini almashtirish haqida ham o‘ylaganini aytdi. U bunga o‘sha paytlarda musobaqalarda qatnashish imkoniyatlari cheklanganini sabab sifatida keltirdi. Bu haqda shaxmatchi jurnalist Aziza Qurbonova bilan suhbatda ma’lum qildi.

Sindarovning aytishicha, Rustam Qosimjonov jahon chempioni bo‘lganidan keyin O‘zbekistonda shaxmatga qiziqish ortgan va hozirgi avlod vakillarining ko‘pchiligi aynan shu davrdan ilhomlangan.

Toshkent metrosida 1 200 000-yo‘lovchiga «oltin karta» sovg‘a qilindi

Foto: uzmetro.uz

2026-yilning 28-sentabr kuni Toshkent metropolitenidan bir sutkada ilk bor 1 200 124 nafar yo‘lovchi foydalandi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» AJ ma’lum qildi.

1 200 000-yo‘lovchi «Xalqlar do‘stligi» bekatida qayd etildi. Unga bir yil davomida Toshkent metropoliteni xizmatlaridan bepul foydalanish imkonini beruvchi maxsus «oltin karta» sovg‘a qilindi. Metropoliten ma’muriyati bu natijani yo‘lovchilar oqimi oshib borayotganining navbatdagi ko‘rsatkichi sifatida baholadi.

MyGov orqali bank kartalarini ko‘rish va yangisiga buyurtma berish xizmati ishga tushdi

Bank kartasi
Foto: Depositphotos.com

My.gov.uz portalida bank kartalari bilan bog‘liq yangi imkoniyatlar ishga tushirilmoqda. Foydalanuvchilar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan kartalar haqida ma’lumot olishi, ayrim hollarda ularni boshqarishi va yangi bank kartasiga onlayn buyurtma berishi mumkin.

Braziliyada ishlab chiqarilgan Cobalt: saloni keng, ammo shovqini baland

Фото: Дром

Braziliyaning AutoPapo nashri 2019-yilgacha Braziliyada ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt’ning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qildi. Nashr mutaxassislari  sedanning keng saloni, katta yukxonasi va unga texnik xizmat ko‘rsatishning osonligi uchun ijobiy baholagan. Ushbu model taksichilar orasida ham ancha ommalashgan.

G‘uzorda 22 nafar o‘quvchi paxta dalasiga sepilgan doridan zaharlandi

Foto: G‘uzor tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi maktab o‘quvchilari paxta dalasiga sepilgan kimyoviy vosita sabab zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga olib kelindi. Hozirda 7 nafar o‘quvchi davolanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

FIFA prezidenti Janni Infantino Toshkentga keladi

Foto: Irishtimes.com

FIFA prezidenti Janni Infantino Toshkentga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda jurnalist Narzulla Saydullayev ma’lum qilgan. 

Hozircha FIFA, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yoki boshqa rasmiy manbalar tomonidan Infantinoning navbatdagi tashrifi bo‘yicha aniq dastur e’lon qilinmagan.

«Davr bank» nomini o‘zgartiradi

Foto: Yandex

«Davr bank» aksiyadorlari 9-oktabr kuni bankning firma nomini o‘zgartirish, kuzatuv kengashi va boshqaruv tarkibini yangilash hamda dividend siyosatini tasdiqlash masalalarini ko‘rib chiqadi. Yig‘ilish Ozarbayjonning ABB banki «Davr bank»dagi 51 foiz ulushni sotib olish bitimini yakunlaganidan bir oy o‘tib o‘tkaziladi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida xabar berildi.

Shuningdek