«G‘ishtko‘prik» bojxona posti 2026-yilning oxirida ochiladi

eʼlon qilindi
«Navoiy» chegara bojxona posti orqali ham yuk mashinalari harakati boshlanishi kutilmoqda
Foto: Avatars

«Sirdaryo» chegara bojxona postidagi yuklamani kamaytirish maqsadida yangi bojxona postlari ishga tushiriladi. «G‘ishtko‘prik» posti 2026-yilning IV choragida foydalanishga topshirilishi, shundan so‘ng «Navoiy» chegara bojxona posti orqali ham yuk mashinalari harakati boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Yuk oqimi 10 foizga oshgan

Bojxona qo‘mitasi raisi «Sirdaryo» chegara bojxona postida bo‘ldi. Mazkur post orqali sentabr oyining o‘zida 9,2 mingdan ortiq yuk avtotransport vositalari harakatlangan.

Bu o‘rtacha har 4 daqiqada bitta yuk mashinasi postdan o‘tayotganini anglatadi. Joriy yilda postdagi avtotransport vositalari harakati o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshgan.

Qo‘mita raisi postdan turib Qozog‘iston bojxona xizmati rahbariyati bilan telefon orqali bog‘lanib, mavjud vaziyatni muhokama qilgan.

Yangi postlar yuklamani 30 foizgacha kamaytiradi

Tahlillarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatidagi «Malik» (O‘zbekiston) – «Sirdaryo» (Qozog‘iston) hamda «Oq oltin» (O‘zbekiston) – «Selinniy» (Qozog‘iston) chegara bojxona postlarini xalqaro maqomga o‘tkazish va ularning kechayu kunduz faoliyatini yo‘lga qo‘yish «Yallama» va «Sirdaryo» postlaridagi yuklamani 30 foizgacha kamaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti 2026-yilning IV choragida foydalanishga topshirilgach «Navoiy» chegara bojxona posti orqali ham yuk mashinalarining harakatlanishi boshlanadi.

Bu choralar natijasida «Yallama» chegara bojxona postiga tutash hududlarda tez-tez kuzatilayotgan navbatlarni to‘liq bartaraf etish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq Qozog‘iston tomoni «S.Najimov» («Mayskiy») chegara punktida piyodalar va yo‘lovchilarni o‘tkazish uchun infratuzilma tayyorligini hamda punkt yaqin orada ochilishi mumkinligini bildirgandi.

Shuningdek