Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish jazolanadi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni tegishli ruxsatnomasiz qurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma kerak bo‘ladi
«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalardan ruxsatnoma olish talab etiladi.
Besh yilgacha qamoq jazosi belgilandi
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni nazorat inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish, agar shaxs avval xuddi shunday harakat uchun ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunday holat uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Odam o‘limiga sabab bo‘lsa jazo og‘irlashadi
Shuningdek, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uy-joyni kredit uchun garovga qo‘yishda banklarga yangi tavsiyalar berilgani haqida yozgan edi.