Bank va to‘lov ilovalarida firibgarlikni aniqlash talablari kuchaytiriladi

eʼlon qilindi
Antifrod tizimlari 24/7 real vaqt rejimida ishlashi, shubhali operatsiyalarda esa qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilishi taklif qilinmoqda
Foto: Weerapat / depositphotos.com

Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari uchun firibgarlikka qarshi yagona talablarni belgilovchi nizom loyihasini ishlab chiqdi.

Loyiha mobil ilovalar, internet-banking, bank kartalari va elektron hamyonlardan foydalanishda yuzaga keladigan firibgarlik holatlarini erta aniqlash va oldini olishga qaratilgan.

Antifrod tizimlari 24/7 ishlashi kerak bo‘ladi

Loyihaga ko‘ra, antifrod tizimlari sutka davomida va real vaqt rejimida ishlashi kerak. Operatsiyalar bir nechta belgilar va skoring asosida baholanadi. Agar mijozni aldash yoki uning ishonchidan foydalanish alomatlari aniqlansa, qo‘shimcha verifikatsiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Antifrod modellari muntazam baholanib, kamida har chorakda tekshirib borilishi kerak bo‘ladi.

Shubhali operatsiyalar bo‘yicha ma’lumot almashiladi

Moliya bozori ishtirokchilari shubhali operatsiyalar va yangi firibgarlik sxemalari haqida o‘zaro axborot almashishi rejalashtirilgan. Yirik firibgarlik holatlari haqida Markaziy bankka xabar berish, mijozlarning bunday operatsiyalar yuzasidan murojaatlarini esa 24/7 qabul qilish talabi ham kiritilmoqda. Loyiha Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Singapur va boshqa mamlakatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan.

Hozircha hujjat loyiha bosqichida bo‘lib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Avvalroq «Kursiv» ko‘chmas mulkni ommaviy baholash aholi va biznes egalari nima berishi haqida yozgan edi.

Shuningdek