Markaziy Osiyoda yalpi ichki mahsulot hajmi qanday o‘sdi

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 2021 – 2025-yillarda eng yuqori o‘rtacha yillik real o‘sish Qirg‘izistonda qayd etildi — 9,2%. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi. Tojikistonda bu ko‘rsatkich 8,5%, O‘zbekistonda 7%, Turkmanistonda 6,3% ni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo YIMi $543,4 mlrdga yetdi
2025-yilda mintaqa YIMining eng katta qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi – 56,4% yoki $306,2 mlrd. O‘zbekiston ulushi esa 24,6% dan 27,1% gacha oshib, YIM hajmi $70,1 mlrddan $147 mlrdga yetdi.
Qirg‘iziston YIMi $8,3 mlrddan $22,6 mlrdga, Tojikistonniki $8,1 mlrddan $17,7 mlrdga, Turkmanistonniki esa $27,4 mlrddan $49,8 mlrdga oshdi.
Eng yuqori o‘rtacha yillik real o‘sish Qirg‘izistonda qayd etildi – 9,2%. Tojikistonda bu ko‘rsatkich 8,5%, O‘zbekistonda 7%, Turkmanistonda 6,3%, Qozog‘istonda esa 4,8% bo‘ldi.

O‘zbekistonda xizmatlar sohasi ulushi keskin oshdi
O‘zbekistonda iqtisodiyot tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Qishloq xo‘jaligining YIMdagi ulushi 2021-yildagi 21,6% dan 2025-yilda 16,6% gacha kamaydi. Sektorda o‘rtacha yillik real o‘sish 3,9% ni tashkil etdi.
Sanoat va qurilish ulushi 33,4% dan 32,5% gacha qisqardi. Ushbu yo‘nalishdagi o‘rtacha yillik real o‘sish 7,2% bo‘ldi. Eng katta o‘zgarish xizmatlar sohasida kuzatildi. Uning iqtisodiyotdagi ulushi 38,7% dan 46,5% gacha, ya’ni 7,7 foiz punktga oshdi. Xizmatlarda o‘rtacha yillik real o‘sish 8,7% ni tashkil etdi.
Qirg‘iziston eng yuqori o‘sishni qayd etdi

Qirg‘iziston YIMi ko‘rib chiqilayotgan davrda $8,3 mlrddan $22,6 mlrdga yetdi. Mamlakatda o‘rtacha yillik real iqtisodiy o‘sish 9,2% bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yuqori natijani ko‘rsatdi. 2022 – 2023-yillarda Qirg‘iziston iqtisodiyoti yiliga qariyb 9% o‘sgan bo‘lsa, 2024 – 2025-yillarda o‘sish 11% dan oshdi.
Qishloq xo‘jaligining YIMdagi ulushi 12,2% dan 8% gacha kamaydi. Xizmatlar ulushi esa 50,7% dan 51,2% gacha oshdi. Sanoat va qurilishda o‘rtacha yillik real o‘sish 10,5%, xizmatlarda 8,5%, qishloq xo‘jaligida esa 2,3% ni tashkil etdi.
Tojikiston iqtisodiyoti $17,7 mlrdga yetdi
Tojikiston YIMi 2021 – 2025-yillarda $8,1 mlrddan $17,7 mlrdga oshdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 8,5% ni tashkil qildi. Mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi ulushi deyarli o‘zgarmadi va 22,7% dan 22,9% gacha oshdi.
Sanoat va qurilish ulushi 33,8% dan 32,2% gacha kamaygan bo‘lsa, xizmatlar sohasi 35,3% dan 38% gacha kengaydi. 2021 – 2024-yillarda sanoat va qurilishda o‘rtacha yillik real o‘sish 10%, xizmatlarda 9,7%, qishloq xo‘jaligida 1,2% ni tashkil etdi.
Turkmanistonda YIM qariyb $50 mlrdga yetdi
Turkmaniston iqtisodiyoti hajmi 2021-yildagi $27,4 mlrddan 2025-yilda $49,8 mlrdga yetdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 6,3% bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi ulushi 11,6% dan 12,4% gacha oshdi, sanoat va qurilish ulushi esa 36,9% dan 36% gacha kamaydi.
Xizmatlar sohasi ulushi 48,6% dan 48,9% gacha oshgan. Ushbu sektorda o‘rtacha yillik real o‘sish 11,3% ni tashkil etgan.
Qozog‘istonda xizmatlar ulushi oshdi
Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligining YIMdagi ulushi 5,4% dan 3,7% gacha kamaydi. Sanoat va qurilish ulushi ham 33,1% dan 32,3% gacha qisqardi. Shu bilan birga, xizmatlar sohasining ulushi 56,1% dan 57,7% gacha oshdi.
Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 3,5%, sanoat va qurilishda 5,5%, xizmatlar sohasida esa 4,4% ni tashkil etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qariyb 7 foizga o‘sishi haqida yozgan edi.