Mirziyoyev shaxmatchilarni davlat mukofoti bilan taqdirlaydi

eʼlon qilindi
Prezident Ko‘ksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat terma jamoalari a’zolari bilan uchrashadi
Mirziyoyev shaxmatchilarni davlat mukofoti bilan taqdirlaydi
Foto: Instagram/ Sindarov

Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashadi hamda ularga davlat mukofotlarini topshiradi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat rahbarining 28-sentabrdagi farmoni bilan Samarqandda o‘tkazilgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasida qatnashgan sportchilar, murabbiylar hamda mutaxassislarning bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘ldi

Samarqandda 16 – 27-sentabr kunlari o‘tkazilgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasining ochiq yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi 11-turda o‘zbekistonliklar Ukraina jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.

Bu O‘zbekistonning Jahon shaxmat olimpiadalaridagi ikkinchi chempionligi bo‘ldi. Terma jamoa ilk bor 2022-yilda Hindistonning Chennay shahrida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

O‘zbekistonning asosiy tarkibida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov ishtirok etdi. Jamoaga Rustam Qosimjonov bosh murabbiylik qildi.

Abdusattorov individual oltin medal oldi

Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada eng yaxshi natijani qayd etib, individual oltin medalni ham qo‘lga kiritdi. Uning turnirdagi reyting ko‘rsatkichi 2869 ni tashkil qildi.

Final turida Muhiddin Madaminovning g‘alabasi O‘zbekistonga Ukraina ustidan hal qiluvchi ustunlikni taqdim etdi. U turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlab, yetti partiyada 5,5 ochko jamg‘ardi.

Shaxmatchilarga davlat mukofotlari berildi

Prezident farmoniga ko‘ra, Muhiddin Madaminovga «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni berildi. Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yoqubboyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Javohir Sindarov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, Rustam Qosimjonov esa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, parashaxmat terma jamoasi a’zolari Sirojiddin Zayniddinov, Selbi Kakishova, Ahadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov va Marsel Shayusupov «Mardlik» ordeni bilan mukofotlandi. Parashaxmat terma jamoasi murabbiyi Samandar Shermuhammadovga esa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni berildi.

Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov Bibisara Assaubaevani tabriklagani haqida yozgan edi.

Shuningdek