O‘zbekistonda homilador ayollar tibbiy ko‘rsatmasiz ham kesarcha kesishni tanlashi mumkin

O‘zbekistonda homilador ayol tibbiy ko‘rsatma bo‘lmagan taqdirda ham kesarcha kesish operatsiyasini tanlashi mumkin. Adliya vazirligi tug‘uruqni qabul qilishda kesarcha kesish amaliyotini o‘tkazish uchun tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartibga ko‘ra operatsiya bo‘yicha qaror qabul qilishda ayolning xohishi ham inobatga olinadi.
Ayolga operatsiya xavflari tushuntirilishi kerak
Kesarcha kesishni tanlashdan oldin shifokor ayolga operatsiyaning mumkin bo‘lgan xavflari va salbiy oqibatlari haqida tushuntirish berishi shart. Shundan keyin uning ixtiyoriy roziligi olinadi.
Kesarcha kesish uchun 31 ta tibbiy ko‘rsatma belgilangan
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatda kesarcha kesish operatsiyasini o‘tkazish uchun 31 ta tibbiy ko‘rsatma keltirilgan. Operatsiya shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan, rejali yoki rejali-shoshilinch tarzda bajarilishi mumkin. Shu bilan birga, tibbiy ko‘rsatmalarning yo‘qligi ayolning o‘z xohishiga ko‘ra kesarcha kesishni tanlashiga to‘sqinlik qilmaydi. Bunda shifokorning tushuntirishi va ayolning ongli roziligi majburiy hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Andijon shahrida 5 nafar egizak kesarcha kesish amaliyoti yordamida dunyoga kelgani haqida yozgan edi.