O‘zbekistonda uy-joy narxlari qimmatlashdi

eʼlon qilindi
Ipoteka kreditlari hajmi 7,4 trln so‘mni tashkil etdi
O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda 2026-yilning II choragida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 7,4 trln so‘mni tashkil etib, bir yil ichida 48 foizga oshdi. Shu davrda birlamchi bozorda uy-joy narxlari so‘mda 6,2 foizga, ikkilamchi bozorda esa 6,3 foizga qimmatlashdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlilida ma’lum qilindi.

Ipoteka bozori qariyb ikki baravar kengaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning aprel – iyun oylarida aholiga 7,4 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan. Bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 48 foizga ko‘p. Yilning dastlabki olti oyida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi esa 13,1 trln so‘mga yetgan.

Bozordagi talabga iqtisodiy faollik va aholi daromadlarining o‘sishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Yanvar – iyun oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan, aholining real jami daromadlari 9,2 foizga, jon boshiga real daromadlari esa 7,3 foizga oshgan.

Uy-joy narxlari ham o‘sishda davom etgan

2026-yil iyunida birlamchi ko‘chmas mulk bozorida xonadonlarning narxi yillik hisobda so‘mda 6,2 foizga oshgan. Dollar hisobida esa o‘sish 12 foizni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari so‘mda 6,3 foizga, dollar hisobida 12,2 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank narxlarning ayrim hududlarda Toshkentga nisbatan tezroq o‘sishini pastroq boshlang‘ich narxlar, mahalliy talab, aholi daromadlari hamda qurilish va investitsiya faolligining oshishi bilan izohlagan.

II chorakda 74,4 mingta uy-joy bitimi tuzilgan

Aprel – iyun oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 74,4 mingta bitim amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan atigi 0,1 foizga farq qilgan.

Bitimlar soni eng ko‘p Xorazm viloyatida 17,8 foizga oshgan. Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida o‘sish qariyb 7,5 foizni, Qoraqalpog‘istonda 6,1 foizni tashkil qilgan. Toshkent shahrida esa ko‘chmas mulk bitimlari 2 foizga ko‘paygan.

Markaziy bankning qayd etishicha, 2026-yil 1-apreldan eskrou tizimi joriy qilinishi arafasida ayrim bitimlar mart oyida oldindan rasmiylashtirilgan. Shu sababli aprel va may oylarida bozor faolligi vaqtincha pasaygan, iyunda esa qayta tiklangan.

Yilning birinchi yarmida 7,7 mln kvadrat metr uy-joy qurildi

Uy-joy bozoridagi taklif ham kengaygan. Yanvar – iyun oylarida 7,7 mln kvadrat metr turarjoy foydalanishga topshirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 7,2 foiz ko‘p.

Shu davrda qurilish ishlari hajmi 13,8 foizga oshgan, turarjoy qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa 27,3 trln so‘mni tashkil qilgan.

Toshkentda ijara narxi oyiga 114 ming so‘mgacha yetdi

Ijara bozorida ham narxlar o‘sishi qayd etilgan. Iyun oyida O‘zbekiston bo‘yicha xonadonlar ijarasi yillik hisobda so‘mda 7,1 foizga, dollar hisobida 13 foizga oshgan.

Toshkent shahrida ijara uylarining o‘rtacha taklif narxi bir kvadrat metr uchun oyiga 9,5 dollar yoki qariyb 114 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu so‘mda yillik 5,8 foizlik, dollar hisobida esa 11,6 foizlik o‘sishni anglatadi.

Shu bilan birga, Toshkentdagi yer uchastkalari narxi pasayishda davom etgan. Iyun oyida 100 kvadrat metr yerning o‘rtacha taklif narxi qariyb 292 mln so‘m bo‘lib, bir yil avvalgidan 9 foiz past bo‘lgan.

Markaziy bank umumiy hisobda II chorakda ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif bir vaqtda kengayganini qayd etgan.

Avvalroq Markaziy bank fuqarolarning o‘zi va oila a’zolari doimiy yashaydigan yagona uy-joyini kredit bo‘yicha garov sifatida qabul qilishda banklarga yangi tavsiyalar berilgandi.

Shuningdek