
Samarqanddagi 3-Parashaxmat olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga 2 xonali xonadon, avtomobil, $50 ming pul mukofoti va davlat mukofotlari topshirildi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova xabar berdi.
«Hali ko‘p-ko‘p medallar beraman»
Mukofotlash marosimida davlat rahbari parashaxmatchilarga murojaat qilib:
«Hali ko‘p-ko‘p medallar beraman», – dedi.
Prezidentning 28-sentabrdagi farmoni bilan 3-Parashaxmat olimpiadasida qatnashgan bir guruh sportchilar va murabbiylar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlangandi.
Jumladan, parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Sirojiddin Zaynidinov, Selbi Kakishova, Axadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov va Marsel Shayusupov «Mardlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Parashaxmat terma jamoasi murabbiyi Samandar Shermuhammadovga esa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxmat olimpiadasi chempionlariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollar mukofot berilgandi.