Pensiya jamg‘armasi qog‘oz hujjatlarni qabul qilmaydi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar va ma’lumotlarni qabul qilish amaliyotini bekor qiladi. Qarorga ko‘ra, pensiya bilan bog‘liq ayrim xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv shaklda ko‘rsatiladi.
Ayrim xizmatlar onlayn shaklga o‘tadi
2026-yil 1-noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda pensiya yoshini qisqartirish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati interaktiv shaklda ko‘rsatiladi.
2026-yil 1-dekabrdan fuqarolar boshqa turdagi pensiyaga o‘tish uchun ham elektron tarzda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
2027-yil 1-yanvardan esa pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish hamda to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash xizmatlari ham interaktiv shaklga o‘tadi.
Bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi
2026-yil 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlayotgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.
Ishlamaydigan oila a’zosi uchun ham staj yig‘ish mumkin bo‘ladi
2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolari uchun ham ish staji shakllantirish imkoniyati beriladi.
Buning uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12% miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasida pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini amaldagi besh yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha uzaytirish taklif etilayotgani haqida yozgan edi.