Qurilish inspeksiyasiga yangi vakolatlar beriladi

O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
Inspeksiya binolar seysmik xavfsizligini nazorat qiladi
Yangi tartibga ko‘ra, inspeksiya O‘zbekiston hududida qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizlik talablariga muvofiqligini nazorat qiladi.
Shuningdek, u elektron texnik pasportlar asosida bino va inshootlarni seysmik zaiflik bo‘yicha tasniflashda, ularni instrumental-texnik tekshirishda hamda zilzilabardoshligini oshirishda ishtirok etadi.
Elektron texnik pasportlar shakllantiriladi
Inspeksiya seysmik faol hududlarda qurilishi rejalashtirilayotgan va uning nazoratiga kiruvchi bino hamda inshootlar, jumladan, ko‘p qavatli turar joylar uchun elektron texnik pasportlarni shakllantiradi.
Ushbu pasportlarda obyektlarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar jamlanadi.
Bundan tashqari, inspeksiya qurilayotgan va mavjud bino-inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash hamda oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
Master-reja shaharsozlik hujjatlariga kiritiladi
Qonunchilikdagi yana bir o‘zgarishga ko‘ra, master-reja ham shaharsozlik hujjatlari tarkibiga kiritiladi.
Master-reja hududlardagi aniq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan, shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini o‘zida mujassamlashtirgan hujjat hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni tegishli ruxsatnomasiz qurish uchun javobgarlik kuchaytirilgani haqida yozgandi. Yangi tartibga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik ma’muriy jazodan keyin takror sodir etilsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.