Rossiya O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqishni chekladi

Rossiya O‘zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqishga cheklov joriy etdi. Tegishli farmonni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29-sentabr kuni imzoladi.
Jismoniy shaxslar uchun limit — 1 mln rubl
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar Rossiyadan O‘zbekiston va yana olti davlatga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqa olmaydi. Cheklov Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Tojikistonga ham tatbiq etiladi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa ushbu mamlakatlarga naqd pulni miqdoridan qat’i nazar olib chiqish taqiqlanadi.
Ayrim holatlarda naqd pul olib chiqishda istisno mavjud
Farmonda ayrim xalqaro aeroportlar orqali naqd pul olib chiqishga istisno belgilangan. Buning uchun mablag‘ning to‘liq summasi bank hisobidan yechib olinganini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi bo‘lishi kerak. Cheklov buzilsa, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan olib chiqilayotgan barcha naqd pul musodara qilinishi mumkin. Jismoniy shaxslarda esa 1 mln rubldan oshgan summa olib qo‘yiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil xaridi faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi haqida yozgan edi.