Shaxmat olimpiadasi chempionlariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollar mukofot berildi

29-sentabr 2026 17:34 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Shaxmat chempionlariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollar mukofot berildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Samarqandda 46-Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolariga kottej, avtomobil va $200 mingdan pul mukofoti topshirildi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova ma’lum qildi. Olimpiada oltin medali uchun har bir chempionga $200 ming miqdorida bir martalik davlat mukofoti belgilangan.

O‘zbekistonning chempion jamoasi tarkibida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov qatnashdi. Jamoaga Rustam Qosimjonov bosh murabbiylik qildi.

Hal qiluvchi 11-turda O‘zbekiston Ukrainani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Muhiddin Madaminov jamoaga hal qiluvchi ochkoni olib keldi.

Prezident Yoqubboyevning Hindistonga qarshi bahsini esladi

Aziza Qurbonovaning xabar berishicha, mukofotlash marosimida Shavkat Mirziyoyev Nodirbek Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi partiyasini alohida qayd etdi.

Davlat rahbari bahsning bir paytida Yoqubboyev uchun vaziyat keskin og‘irlashgani, biroq shaxmatchi oxirigacha kurashib, taktik yurishlar orqali vaziyatni o‘zgartirganini ta’kidladi.

«Sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi», – dedi prezident.

Shaxmatchilar davlat mukofotlari bilan ham taqdirlandi

Prezidentning 28-sentabrdagi farmoni bilan Olimpiada va Parashaxmat olimpiadasida qatnashgan sportchilar, murabbiylar va mutaxassislarning bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlangandi.

Jumladan, Muhiddin Madaminov «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvonini oldi. Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yoqubboyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» unvoni bilan, Javohir Sindarov esa «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.

Aziza Qurbonovaning ma’lumotiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorovga ham kottej, avtomobil, $200 ming pul mukofoti va davlat mukofoti topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sindarov faoliyatining bir davrida shaxmat federatsiyasini almashtirish haqida ham o‘ylaganini aytgandi. U bunga o‘sha paytlarda musobaqalarda qatnashish imkoniyatlari cheklanganini sabab sifatida keltirdi.

Shuningdek