Sizlar bizni ham kuchli hayajonga soldingiz — Mirziyoyev

29-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmatchilarining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi g‘alabasini yodga olib, ayrim hal qiluvchi partiyalarni o‘zi ham katta qiziqish bilan kuzatganini aytdi. Davlat rahbari Nodirbek Yoqubboyev va Nodirbek Abdusattorovning muhim bahslaridagi o‘yinlariga alohida to‘xtaldi.
«Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hindiston bilan bahsda Yoqubboyevning yurishi g‘alabani olib keldi
Prezident amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston terma jamoasiga qarshi uchrashuvni alohida esladi.
Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Sarin bilan partiyasida vaziyat bir payt murakkablashgan. Biroq o‘zbekistonlik shaxmatchi oxirigacha kurashni davom ettirib, taktik yurish orqali vaziyatni o‘zgartirgan.
«Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib keldi», – dedi Prezident.
Hindiston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi turnirda yakka peshqadamga aylangan.
Xitoy va AQShga qarshi bahslardan keyin tarixiy natija
Shundan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi Xitoyni 3:1 hisobida mag‘lub etgan. Jamoa keyingi bahslarda jahon reytingi yetakchisi va olti karra Olimpiada chempioni AQSh terma jamoasidan ham ustun kelgan.
Prezident Nodirbek Abdusattorovning musobaqadagi natijasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U birinchi taxtada mag‘lubiyatsiz o‘ynab, oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Abdusattorovning amerikalik grossmeyster Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasi ham alohida qayd etildi.
«Buning o‘zi alohida katta natija!», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi shu tariqa 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, Sindarov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.