Toshkentdagi Botanika bog‘ida «daraxtlar qirg‘ini» boshlandimi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Botanika bog‘ida daraxtlar ommaviy ravishda kesilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Yunusobod tumani hokimiyati tomonidan hududda qurilish ishlari boshlanganiga oid xabarlar rad etildi.
Hududda sun’iy ko‘l tashkil etilmoqda
Yunusobod tumani hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, Botanika bog‘i hududida daraxtlarni kesish ishlari olib borilmayapti. Ayni paytda aholi uchun dam olish sharoitlarini yaxshilash va yashil hududdagi namlikni oshirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida:
- 0,5 gektarlik sun’iy ko‘l;
- 10 ming kub metr hajmdagi suv havzasi;
- 1,2 kilometr uzunlikdagi velosiped va piyodalar yo‘lagi;
- 180 tup yangi daraxt
barpo etilishi yoki ekilishi rejalashtirilgan.
Suv havzasi uchun o‘simliklar olib tashlanmoqda
Botanika bog‘i bosh dendrologi Atirgul Xolmirzayevaga ko‘ra, suv havzasini tashkil etish uchun hududdagi ayrim o‘simliklar va qamishlar olib tashlanmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, keyinchalik ko‘lning o‘zida suv muhitida o‘sadigan o‘simliklar ekiladi. Suv havzasi atrofida esa manzarali butalar bilan obodonlashtirish ishlari olib boriladi.
Fanlar akademiyasi nima dedi
Fanlar akademiyasi ham holat yuzasidan izoh bergan. Akademiya ma’lumotiga ko‘ra, sun’iy ko‘l tashkil etilayotgan hudud Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiya maydonlariga kirmaydi.
U yerda, asosan, tabiiy ravishda o‘sib chiqqan o‘simliklar, jumladan, maymunjon, qamish va boshqa yovvoyi o‘simliklar mavjud bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ishlar ekologiya mutaxassislari ishtirokida olib borilmoqda. Jarayon davomida Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasiga va mavjud yashil hududlarga zarar yetkazmaslik masalasiga e’tibor qaratilmoqda.
Avvalroq Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Salar» kanali bo‘yining qariyb 1,5 kilometrlik qismi obodonlashtirilib, zamonaviy dam olish maskaniga aylantirilishi haqida xabar berilgandi.