
Xitoyning Geely, BYD va CATL kompaniyalari elektromobillar uchun o‘ta tez quvvatlash texnologiyalarini ishlab chiqdi. Associated Press xabar berishicha, yangi tizimlar batareyani taxminan 4-5 daqiqada 70 – 80% gacha quvvatlash imkonini beradi.
Geely batareyani 4,5 daqiqada 70 foizgacha quvvatlaydi
Geely Auto yangi tizimi elektromobil batareyasini 10% dan 70% gacha 4,5 daqiqada, 97% gacha esa 8 daqiqa 40 soniyada quvvatlay olishini ma’lum qildi. BYD’ning yangi avlod «blade» batareyasi 10% dan 70% gacha 5 daqiqada, CATL texnologiyasi esa 10% dan 80% gacha 3 daqiqa 44 soniyada quvvatlanadi.
Asosiy muammo — batareyaning qizib ketishi
Mutaxassislarning aytishicha, bunday yuqori quvvat batareyani tez qizdirishi va uning xizmat muddatiga ta’sir qilishi mumkin. Shu sabab ishlab chiqaruvchilar haroratni nazorat qilish va suyuqlik bilan sovitish tizimlaridan foydalanmoqda.
Quvvatlash infratuzilmasi hali yetarli emas
Xitoydagi aksariyat jamoat quvvatlash stansiyalari hozircha bunday texnologiyaning to‘liq imkoniyatidan foydalanish uchun yetarlicha kuchli emas. Shu sabab kompaniyalar yangi yuqori quvvatli stansiyalar qurishni rejalashtirmoqda. BYD 2028-yilgacha jami 90 mingta o‘ta tez quvvatlash stansiyasiga ega bo‘lishni maqsad qilgan.
Avvalroq «Kursiv» Mazda kompaniyasi Xitoy bozoridagi Mazda CX-6e krossoverini yangilangan versiyasini taqdim etgani haqida yozgan edi.