
O‘zbekiston erkaklar shaxmat terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov avvalgi yillarda shaxmatchilar uchun bugungidek katta mukofotlar bo‘lmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiadada medal olganidan keyin unga Tico avtomobili berilgan. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova Qosimjonov bilan suhbatda ma’lum qildi.
Qosimjonov hozir O‘zbekistonda shaxmat bo‘yicha musobaqalar va imkoniyatlar ko‘paygani, davlat tomonidan sportchilarga e’tibor kuchayganini ta’kidladi.
«Tico’ni ham xursand bo‘lib haydaganman»
Jurnalist shaxmatchi va murabbiylarga avvallari qanday mukofotlar berilgani haqida so‘raganida Qosimjonov o‘z tajribasini esladi.
«2000-yilda Olimpiadada medal olganimda menga Tico berishgandi. O‘shanda ham men mashina ishqibozi edim. Ticoni ham xursand bo‘lib haydaganman», – dedi u.
Ma’lumot uchun, Qosimjonov 2000-yilda Istanbulda o‘tgan Shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida birinchi taxtada o‘ynab, yakkalik bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritgan. O‘sha vaqtdagi yutug‘i uchun davlat tomonidan unga Tico avtomobili berilgan.
Qosimjonovning aytishicha, hozir mamlakatdagi imkoniyatlar ham, shaxmatchilarga berilayotgan mukofotlar ham o‘zgargan.
Shuningdek, o‘qing: Shaxmat olimpiadasi chempionlariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollar mukofot berildi
«Bizning bolalarimiz chempion»
Qosimjonov suhbatda boshqa mamlakat shaxmatchilarining natijalarini ko‘p kuzatmasligini ham aytdi.
U Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarovni hozirgi eng kuchli shaxmatchilar qatorida ko‘rishini bildirib, asosiy e’tiborini O‘zbekiston terma jamoasi vakillariga qaratayotganini ta’kidladi.
«Gukesh qanday o‘ynayapti, Karlsen qanday o‘ynayapti — menga baribir. Men bizning bolalarimiz haqiqiy chempion bo‘lishiga ishonaman», – dedi Qosimjonov.
Shuningdek, u Javohir Sindarovning yaqin oylardagi jahon chempionligi uchun kurashidan katta natija kutayotganini bildirdi.
Yosh shaxmatchilar uchun imkoniyatlar ko‘paygan
Qosimjonovning fikricha, bugungi yosh shaxmatchilar avvalgi avlodga qaraganda ko‘proq imkoniyatga ega. Internet, kompyuter dasturlari va katta hajmdagi shaxmat bazalari tayyorgarlik jarayonini ancha osonlashtirgan.
Uning aytishicha, shu sabab hozir 12-13 yoshida grossmeyster bo‘layotgan, 17-18 yoshida esa jahon chempionligi darajasiga chiqayotgan shaxmatchilar paydo bo‘lmoqda.
Shuningdek, o‘qing: Parashaxmatchilarga 2 xonali uy, avtomobil va 50 ming dollar berildi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada filiallari ochilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, prezident Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.