Bizning taqdirimizni faqat muallim hal qiladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning kelajagi va yoshlarning yutuqlarida o‘qituvchi hamda murabbiylarning mehnati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari pedagoglarni bayram bilan tabriklab, ularni qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarning bugungi natijalari ortida ularga bilim va tarbiya bergan ustozlarning katta mehnati turibdi.
«Sizlar hal qiluvchi kuchsizlar»
Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilarning mamlakat kelajagini shakllantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
«Sizlar hal qiluvchi kuchsizlar. Sizlar O‘zbekistonimizning buyuk kelajagi poydevorini qo‘yyapsizlar», – dedi prezident.
«Butun kuchimizni sizlarning kelajagingiz uchun safarbar qilamiz»
Prezident pedagoglarni «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» bilan tabriklab, ularning kayfiyati hamda mehnat sharoitlariga e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
«Bizning taqdirimizni, o‘n marta qaytarishdan charchamayman, faqat muallim hal qiladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
U davlatning bor imkoniyatlari o‘qituvchi va murabbiylarning farovonligi hamda kelajagi uchun safarbar etilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari ta’lim tizimidagi islohotlarning eng katta natijalaridan biri sifatida bolalar va o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytarilganini ta’kidlagandi.